19:43 / 25.11.2015
2608

Yelizaveta II tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan marosim chiptalari bir necha soatda sotilib ketdi

Britaniyada Yelizaveta II tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan marosim uchun chiqarilgan 25 ming dona chipta bir necha soatda sotilib ketdi, deya xabar berdi Daily Express. Vindzor saroyi hududidagi Xoum-Parkda bo‘lib o‘tadigan marosim chiptalarining narxi 195 funt sterlinggachani tashkil etdi.

Bundan avvalroq esa tomoshabinlar oldida musiqachilar, raqqoslar, aktyorlar va boshqa san'atkorlar chiqish qilishi haqida xabar berilgan edi. Artistlarning umumiy soni 1,5 ming nafardan ortadi. Britan qirollik oilasi a'zolari barcha tomoshalarda ishtirok etishadi, qirolichaning o‘zi esa ITV telekanali jonli tarzda efirga uzatiladigan bayramona shouning so‘nggi qismida ishtirok etadi.

Chiptalar 24 noyabr kuni 9:00 da savdoga chiqarildi. Qayd etilishicha, 4 ming dona chipta dastlabki 30 daqiqada sotilgan, qolganlari esa tushdan keyingi vaqtlarda to‘liq xarid qilindi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, 5 mingta bepul chipta namoyish etilishidan avvalgi maxsus kecha uchun tarqatiladi.

Qirolicha o‘zining 90 yoshini 2016 yilning 21 aprel kuni nishonlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchi 2015 yilning 9 sentabr tunida mamlakat tarixida qirollikni eng ko‘p boshqargan yetakchiga aylangan edi. U hukumat tepasida 63 yil, yetti oy va ikki kun turgan o‘zining katta buvisi qirolicha Viktoriya rekordini yangiladi.

Top