19:27 / 25.11.2015
7553

Lavrov: Su-24 samolyoti IShIDning neft sanoatiga hujum boshlangach, urib tushirildi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Su-24 harbiy bombardimonchi samolyotining Turkiya tomonidan urib tushirilishi Rossiya aviatsiyasi IShIDning neft sanoatiga hujum boshlab, neft tashuvchi transportlarini yo‘q qila boshlagach ro‘y berganiga e'tibor qaratdi.

"Shuni aytamanki, kecha urib tushirilgan Rossiya samolyoti IShIDning noqonuniy nefti tashilishi va sotilishiga qarshi kurash olib borayotgandi. IShID o‘z nazorati ostidagi hududlarda neft sanoati tashkil etgandi", deydi Lavrov.

Rossiya TIV rahbari Su-24 samolyoti IShIDning neft tashuvchi transport vositalarini yo‘q qilishda samarali harakatlarni amalga oshirayotgani ma'lum qilinganidan keyin yuz berganini ta'kidlagan.

18 noyabr kuni Rossiya harbiy samolyotlari Suriyada jangarilarning 500ga yaqin neft tashuvchi transportini yo‘q qilgani xabar qilingandi.

Bugun Medvedev Turkiyani IShIDdan neft sotib olishda aybladi.

Shuningdek, NATOning sobiq generali Uesli Klark Turkiya IShIDdan neft sotib olayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Top