Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskva NATO bilan Suriyada parvozlar xavfsizligi borasida kelishib olishga tayyorligini bildirdi
Rossiya Turkiya tomonidan Su-24 samolyoti urib tushirilishi borasida NATOdan xolislikni kutmayapti, biroq alyans bilan bunday voqealarning oldini olish bo‘yicha kelishuv tuzishga tayyor. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov 25 noyabrda AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Rouz Gottemyuller bilan uchrashuvidan keyin ma'lum qildi.
“Mening fikrimcha, NATOdan xolislikni kutmasa bo‘ladi, chunki ittifoqchi sifatida Turkiyaning yoni olinadi”, deb aytdi Ryabkov.
Ryabkov bunday “misli ko‘rilmagan va jinoiy hujumlarga” kelgusida yo‘l qo‘yib bo‘lmaslik bo‘yicha bir qator choralarni amalga oshirishga chaqirdi. Uning aytishicha, Moskva NATO bilan tegishli kelishuv tuzishni ko‘rib chiqishga tayyor. “Agar NATO tashkilot, alyans sifatida qandaydir jamoaviy ko‘p tomonlama hujjat foydasiga munosabatni shakllantirsa, unda biz bu hujjatni ko‘rib chiqamiz. Biroq katta hisobda bu velosipedni qayta ixtiro qilishdek gap”, deb aytdi Ryabkov.
Shu bilan birga Ryabkov Suriyadagi operatsiyada ishtirok etayotgan kuchlarni milliy armiyalar shtabi boshqarishi tufayli bunday kelishuvlarni ikki tomonlama asosda tuzish kerakligini aytdi.
Ryabkov AQSh bunday noxush voqealarning “jiddiyligi va yo‘l qo‘yib bo‘linmasligini” anglashiga umid bildirdi. U Moskva va Vashington Suriya havo hududida noxush voqealarning oldini olish bo‘yicha kelishuv imzolaganini eslatib o‘tdi. Shu bilan birga Ryabkov ushbu hujjat AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning qolgan ishtirokchilari, jumladan Turkiyaga ham taalluqligiga ishonch bildirdi.