Jahon | 17:13 / 25.11.2015
14620
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiya vertolyoti Turkiya orqali AQSh yetkazgan raketa bilan urib tushirildi

Rossiyaning 24 noyabr kuni Suriyada urib tushirilgan Mi-8AMTSh vertolyotiga qarshi AQShning BGM-71 TOW tanklarga qarshi kompleksi qo‘llangan. Vertolyotning o‘qqa tutilishi qayd qilingan videolavha YouTube servisiga joylashtirildi.
Bir qator ekspertlarning aytishicha, muxolif kuchlar bu qurolni AQShdan Turkiya orqali olgan. Vertolyot, o‘z navbatida, Turkiya tomonidan urib tushirilgan Su-24M samolyoti ekipajini qutqarish uchun yo‘llangan edi.

Videoning 2-45 sekundlarida kompleksning ishga tushirilishi jarayonini kuzatish mumkin. Bunday turdagi komplekslar Turkiya orqali Suriyadagi ko‘ngillilarga va muxolif jangchilarga yetkazilishi mana shu kuzatuvlardan so‘ng ma'lum qilindi.
“Yetkazuvchilar soni ikkita – janub va sharqdagi guruhlarga qurolni asosan saudiyaliklar yetkazib beradi, Suriya shimolida harakat qilayotgan terrorchilar esa uni Turkiyadan oladi”, - dedi matbuot bilan suhbat uyushtirgan ekspertlardan biri.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi kunlarda Rossiya matbuoti turkmanlar va kurdlarning ko‘ngilli guruhlarini, shuningdek, muxolif harbiy birlashmalarni o‘z materiallarida “terrorchilar” va “to‘dalar” deb atay boshladi.
Ta'kidlanishicha, bunday turdagi qurollar “terrorchilar”ga yuzlab adadda yetkazib berilgan.