09:37 / 25.11.2015
6746

OAV: Su-24 samolyotining ikkinchi uchuvchisi suriyalik harbiylar tomonidan qutqarilgan

Turkiya tomonidan urib tushirilgan, Rossiyaga tegishli Su-24 samolyoti uchuvchilaridan birini suriyalik harbiylar evakuatsiya qilishgan. Bu haqda Al Mayadeen nashri xabar tarqatgan.

Qayd etilishicha, uchuvchini qidirgan guruh 6 soatdan keyin u bilan aloqani tiklashgan. Suriya maxsus xizmatlari uchuvchini jangarilar hududidan olib chiqish uchun 2 soat vaqt sarflashgani, ayni vaqtda u Rossiyaning harbiy aviabazasi Xmeymimda ekani aytilgan.

Bu ma'lumot hozircha tasdiqlanmagan.

Dastlab, ayrim OAVlarda samolyotning har ikki uchuvchisi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan, lekin bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagandi.

Bundan oldinroq, Suriya muxolifati uchuvchilardan birining tanasini hukumat qamog‘ida bo‘lgan vakillaridan biriga almashtirmoqchi bo‘lgani xabar qilingandi.

Shuningdek, Suriyadagi turkmanlar guruhi vakili uchuvchilarning yerga tushgach, otib tashlangani haqida ma'lumot bergan.

Keyinroq, turkmanlar Su-24 samolyotining katapulta qilgan uchuvchilariga havodaligidayoq o‘t ochishgani videosi paydo bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Top