Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda saylovchilarning yagona elektron reyestri yaratiladi
Toshkentda “Saylov tizimi va qonunchiligini yanada demokratlashtirish: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova xabar qildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Jahon saylov organlari assotsiatsiyasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir davomida saylov tizimi va saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning turli jihatlari, jumladan, huquqni qo‘llash amaliyoti, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, saylov jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi, partiyalararo raqobat, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shu munosabat bilan saylovchilarning yagona elektron reyestri faoliyati bo‘yicha chet davlatlarda huquqni qo‘llash amaliyoti, mamlakatimizda ham bunday reyestrning huquqiy asoslarini yaratish va undan foydalanish imkoniyati muhokama etildi.
Latviya Markaziy saylov komissiyasi raisi A.Tsimdarsning ta'kidlashicha, Latviya tajribasidan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, saylovchilarning yagona elektron reyestridan foydalanish fuqarolar huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytiradi, saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta'minlaydi.
Saylov komissiyalari va mahalliy organlar ishini yengillashtirib, saylovchilar to‘g‘risida aniq ma'lumotlar tuzish imkonini beradi va "bir saylovchi – bir ovoz" prinsipini ta'minlaydi. Eng muhimi, saylovchilar mas'uliyatini oshirib, shikoyatlar bo‘lish ehtimolini kamaytiradi.
Tadbirda huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish, saylov jarayoni barcha ishtirokchilarining saylov to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etishi, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.