Jahon | 23:20 / 25.11.2015
14326
2 daqiqa o‘qiladi

Ruhoniy: samolyotlar bemalol urib tushiraveriladigan o‘yinchoqmas

Raketa va samolyotlar ularni havoda bemalol urib tushiraveradigan o‘yinchoqmas, deb aytdi 25 noyabrda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy hukumat majlisida.

“Suriya-Turkiya chegarasida sodir bo‘lgan noxush voqea juda xavotirli va xavfli signaldir va mintaqada shunchalik betartiblik mavjudki, bunday o‘ylanmagan harakatlar juda xavflidir. Raketa va samolyotlar ularni havoda bemalol urib tushiraveradigan o‘yinchoqmas”, deb Ruhoniy aytgan so‘zlarni keltirdi Mehr nashri.

“Ushbu voqeaga kelsak, aybdorlar ushbu ig‘vo uchun javobgarlikka tortilishi kerak. Turkiya bizning qo‘shni va do‘stimiz, u bu haqda jiddiy tashvish bildirishi kerak”, deb aytdi Ruhoniy.

Eron prezidenti “Rossiya va Turkiya Eron uchun do‘stona qo‘shnilar ekanini” ta'kidlab o‘tdi. “Biz bu davlatlar bunday vaziyatlarning kelgusida qaytarilmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishlari va buning uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishlarini talab qilamiz”, deb qo‘shimcha qildi Ruhoniy.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish