44 yil qamoqda o‘tirib chiqqan odam 2015 yildan olgan taassurotlari haqida aytib berdi
Amerikalik 69 yoshli Otis Jonson 1971 yildan buyon qamoqda o‘tirib, 2015 yili ozodlikka chiqarildi. U Al Jazeera kanali bilan suhbat chog‘ida 2015 yilni ko‘rib olgan taassurotlarini gapirib berdi.
Politsiyachiga qurol bilan hujum qilib, uni o‘ldirganlikda ayblanib qamalganida Jonson 25 yoshda edi. U 44 yil qamoqda o‘tirib chiqqanidan so‘ng yaqin qarindoshlaridan hech kim qolmaganini bildi.
“Akalarim, singillarim, men bilan suhbatlashishi mumkin bo‘lgan hech kim yo‘q”, - dedi u.
Qamoqda uzoq yillar yashashi oqibatida u kuchli o‘zgardi, shu bois dastavval ozodlikda o‘zini noqulay his qildi. Masalan, Tayms-Skverda ko‘plar o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganini ko‘rib, ular MRB agentlari bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Keyin bu odamlar qulog‘i yaqinida ushlab turgan qurilmalarga e'tibor berdi.
“Ular buni ayfon deb ataydi”, - tushuntirdi sobiq mahbus.
“Ayrimlar qayoqqa ketayotganini ham ko‘rmaydi. Telefonda gaplashib, qayerga ketayotganingga qaramaslik qanday bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rdim. Bu meni hayratlantirdi”.
Ozodlikka chiqishi bilan Jonson metroga borib, taksofondan qo‘ng‘iroq qilishga qaror berdi. 44 yil ichida bunday suhbat narxi 25 sentdan 1 dollarga yetibdi. Ammo undan boshqa hech kim bunday taksofonlardan foydalanmas edi.
Do‘konlarda uni oziq-ovqat mahsulotlarining rang-barangligi lol qoldirdi: “Quyqali yer yong‘og‘i yog‘i. Men bunday narsani hech qachon ko‘rmaganman. Yer yong‘og‘i yog‘i va olma quyqasi bitta idishda? Bu juda g‘alati”.
Jonson jamoat ichida bo‘lishni yoqtirishini tan oldi. U avtobusda yurishni yaxshi ko‘radi, negaki boshqa odamlarni kuzatib, ularning suhbatini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi: “Quyoshga chiqishni, odamlarni kuzatishni yaxshi ko‘raman. Bu yaxshi. Erkin bo‘lish yaxshi”.
Kechalari u boqqa chiqib, meditatsiya bilan shug‘ullanadi. Jonson muammolardan aqlini xalos etishga intiladi, chunki bu shaxsiy o‘sishga xalaqit beradi.
“Men ortga qaytmay, oldinga yurishga intilaman. Men shu yo‘l bilan jamiyat ichida yashayman”, - xulosa qildi sobiq mahbus.