Jahon | 15:51 / 26.11.2015
2322
2 daqiqa o‘qiladi

China Railway Budapesht va Belgrad shaharlari o‘rtasida tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l quradi

Xitoyning China Railway kompaniyalar guruhi Vengriya va Serbiya davlatlari poytaxtlarini bog‘lab turadigan yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘l qurilishi bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritdi. Bu haqda Xinhua axborot agentligi xabar tarqatmoqda.

Manbaning yozishicha, mazkur loyihaning qiymati 10 mlrd Xitoy yuanini tashkil qiladi. Bu taxminan 1,57 mlrd dollarga teng.

Mazkur yangi quriluvchi yo‘nalishda maksimal tezlik 160 km/soatga yetishi mumkin bo‘ladi. Budapesht va Belgrad o‘rtasidagi masofa esa 2,5 soatgacha qisqaradi.

Shartnomaga ko‘ra, 166 kilometrdan iborat yo‘lning venger hududidan o‘tgan temir yo‘l qismi modernizatsiya qilinadi, elektrlashtiriladi. Shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanishning texnik xavfsizligi uchun zarur uskunalar bilan jihozlanadi.

Agentlikning xabarida qayd etilishicha, mazkur loyihani moliyalashtirishda 85 foiz mablag‘lar Xitoy konsorsiumi hisobidan amalga oshiriladi. Qolgan summa Vengriya hisobidan qoplanadi.

Belgrad va Budapeshtni bog‘lab turuvchi yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘l qurilishi shu yil so‘nggiga qadar boshlanishi ko‘zda tutilgan. Qurilish ikki yil muddatda yakunlanishi rejalashtirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish