17:48 / 26.11.2015
1973

FIFA yoshlar futbolini targ‘ib qiluvchi tashkilotga 48 dona qimmatbaho soat xayriya qildi

FIFA axloq qo‘mitasi 48 dona qimmatbaho soatni yoshlar o‘rtasidagi futbolni targ‘ib qiluvchi Streetfootballworld global jamoat tashkilotiga xayriya sifatida taqdim etdi. Bu haqda FIFA axborot xizmati xabar tarqatdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2014 yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati vaqtida mamlakat futbol konfederatsiyasi turnir tashkilotchilari sovg‘a sifatida shunday turdagi har biri taxminan 25 ming dollar turadigan Parmigiani markali soatlarni FIFA ijroqo‘mi va bir qator milliy konfederatsiya vakillariga sovg‘a qilgan.

Biroq FIFA axloq qo‘mitasi mazkur holat tashkilotning axloq kodeksiga to‘g‘ri kelmasligini va soatlarni ortga qaytarish lozimligi bo‘yicha qaror chiqargan. Aks holatlarda mazkur ish bo‘yicha tartib-intizom qo‘mitasi ish ochishi mumkin bo‘ladi. Natijada hozirgi kunga qadar 48 dona soat qaytarilgan.

Kornela Borbeli boshchiligidagi Axloq qo‘mitasi tergov palatasi qaytarilgan sovg‘alarni Streetfootballworld tashkilotiga taqdim qilish bo‘yicha qaror chiqargan. Soatlarning sotuvidan tushgan mablag‘ ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga sarflanishi rejalashtirilgan.

Top