15:32 / 26.11.2015
13032

Gemofiliya bilan og‘rigan bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha seminar boshlandi

26 noyabr kuni Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida «Gemofiliya kasalligining davosi va asoratlarida birinchi yordam ko‘rsatish, gemostatik preparatlarning qo‘llanilishi» mavzusida ikki kunlik o‘quv-amaliy kurs o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Butunjahon gemofiliya federatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan tadbirda Rossiya, Qozog‘iston kabi xorij davlatlaridan gematologiya yo‘nalishiga ixtisoslashgan tajribali hamshiralar ishtirok etishmoqda.

Mazkur o‘quv-amaliy kurs viloyat davolash-profilaktika muassasalarida gemofiliya bilan og‘rigan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatib kelayotgan hamshiralarga son, tizza, tirsak bo‘g‘imlariga va qorin bo‘shlig‘iga qon quyilishida birinchi tez tibbiy xizmat ko‘rsatish va bemorlarni parvarishlash, qon to‘xtatuvchi preparatlarni yuborish texnikasi bo‘yicha malakasini oshirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

"Nasldan-naslga o‘tuvchi gemofiliya kasalligida birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish hamshiradan yuqori malaka talab qiladi, shu bois, mazkur o‘quv-amaliy kurs gematologiya bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan hamshiralar uchun tashkil etildi, – deydi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova.

"Hozirda respublikamiz bo‘yicha 1500 nafar gemofiliya kasalligi bilan og‘rigan bemor nazoratga olingan. Kasallik o‘g‘il bolalarda namoyon bo‘lishini, ayollar esa faqat tashuvchi ekanligini hisobga olib, biz bemorlarning yaqin qarindoshlarini va tug‘ilayotgan farzandlarini ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazib kelmoqdamiz", degan u.

O‘quv-amaliy kursda gemofiliya kasalligi xaqida tushuncha, diagnostika va davolash usullari, bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish, og‘ir holatdagi bemorlarni parvarishlash, qon preparatlarini ishlatish va VIII/IX faktorlarni qo‘llash usullari kabi mavzularda ma'ruzalar va amaliy darslar o‘tkazilmoqda.

Seminar 27 noyabr kuni yakunlanadi.

Top