10:55 / 26.11.2015
13181

Turkiya harbiylari Su-24 urib tushirilishidan oldin uchuvchilarni ogohlantirgani audioyozuvi namoyish qilindi

Turkiya harbiylari tomonidan Su-24 samolyoti uchuvchilarining ogohlantirilishi vaziyati sifatida taqdim qilingan audioyozuv e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, bu audioyozuvda "o‘z kursingizni o‘zgartirib, janubga buriling" deyilgan.

Anadolu axborot agentligi tomonidan tarqatilgan bu audioyozuvda ingliz tilida "Bu Turkiya HHK samolyoti. Navbatchi gapirmoqda. Siz Turkiya havo hududi chegarasiga yaqinlashib kelmoqdasiz. Tezlik bilan kursingizni o‘zgartiring va janubga buriling", deyiladi.

Qayd etilishicha, bunday ogohlantirish 10 marta takrorlangan. Har safargi murojaatda samolyotning qay darajada Turkiya havo hududiga nisbatan o‘rni ma'lum qilib borilgan.

"Interfaks" xabariga ko‘ra, bu yozuvdagi ovoz Turkiya HHKning Diyorbakirdagi boshqaruv markazi dispetcheriga tegishli.

Bundan oldinroq, Su-24 samolyotining tirik qolgan shturmani Konstantin Muraxtin turklar samolyotni ogohlantirmasdan urib tushirgani haqida aytgandi. U bu hududni "besh qo‘lday" bilishini qo‘shimcha qilib o‘tgan. Lekin Rossiya samolyoti Turkiya chegarasiga 1 soniyaga ham kirmaganini ta'kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin buni "orqadan zarba berish" deb baholagan.

Top