Jamiyat | 21:26 / 27.11.2015
27935
3 daqiqa o‘qiladi

Botir Qodirov va Sardor Mamadaliyev bitta qo‘shiqni ijro etishdi: tasodifmi yoki...

Yaqindagina ketma-ket yakkaxon konsertlarini o‘tkazgan xonandalar – Botir Qodirov va Sardor Mamadaliyev bitta taronani ijro etib chiqishdi. Aniqrog‘i, “Yig‘latur” qo‘shig‘i Botir Qodirov konsertida yangragan bo‘lsa, oradan bir necha kun o‘tib FM radiolaridan birida Sardor Mamadaliyev tomonidan ijro etilgan namunaning prem'yerasi bo‘lib o‘tdi. Bu tasodifmi yoki atayin qilingan ish?

"Yig‘latur" taronasining so‘zi Ra'no Yarashevaga tegishli. Botir Qodirovning prodyuserining Kun.uz saytiga ma'lum qilishicha, xonanda ushbu qo‘shiqni Kamoliddin Rahmatovdan rasman ruxsat olgan holda 2006 yildan buyon ijro etib kelmoqda.

“Kontsert yakunlanib, oradan bir hafta o‘tganidan so‘ng Sardor Mamadaliyev bu qo‘shiq ijro etilganidan xabardor bo‘la turib, uni ijro etishga qaror qildi. Bu holatni tasodifga yo‘yish noto‘g‘ri bo‘lardi, chunki mazkur qo‘shiqqa Qodirov buyurtmasi asosida musiqiy sayqal bergan Nodir Umarov “Yig‘latur” taronasi Botir Qodirov konsert dasturiga kiritilganidan xonanda Mamadaliyevni ogohlantirgan. Lekin hamma narsaning chegarasi borku, ayniqsa taqlidning”, - dedi prodyuser.

Mazkur masalaga Sardor Mamadaliyev tomonining munosabatini bilish maqsadida xonandaning ma'muri bilan bog‘landik. Xonanda ma'muri Najmiddin Mamadaliyevning aytishicha, ular avvaliga mazkur taronani Botir Qodirov ijro etayotganidan bexabar bo‘lishgan. “Nodir Umarov bizga bu haqda ma'lum qilganidan so‘ng tayyor holatdagi qo‘shiqni konsert repertuaridan olib tashladik. Botir Qodirov ushbu qo‘shiqni to‘ylarda aytib yurganini ham bilardik, lekin uning studiya variantini tayyorlaganidan xabarimiz yo‘q. Sardor bilan Botir o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi, aka-ukadek. Lekin biz ham qo‘shiqni tayyorlash uchun xarajat qilib qo‘ygan edik, syomkasigacha tayyor. Shuning uchun konsert o‘tishini kutib, keyinroq prem'yerasini o‘tkazdik”, - dedi ma'mur.

Ta'kidlash o‘rinliki, bugungi o‘zbek estrada san'atida har ikki xonandaning ham o‘z o‘rni, o‘z ovozi va uslubi bor. Shu bois ikkala xonanda ijrosidagi “Yig‘latur” taronasini e'tiboringizga havol etamiz, xolis bahoni o‘zingiz chiqaring.

Botir Qodirov ijrosida

Sardor Mamadaliyev ijrosida


Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish