12:33 / 27.11.2015
23966

Lola tanqidchilariga javob berdi

Uzoq paytdan beri turli darajada tanqid ostiga olib kelinayotgan o‘zbekistonlik xonanda Lola Yo‘ldosheva nihoyat bu tanqidlarga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, unga nisbatan yog‘dirilgan ko‘plab tanqidlar, shuningdek, boshqa ayrim sabablarga ko‘ra Lola “O‘zbeknavo” tomonidan litsenziyadan mahrum qilingan edi.

Ayni paytda Lola xonandalik faoliyati bilan shug‘ullana olmayapti, lekin ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarida joylashtiradigan suratlari muxlislarning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Instagram tarmog‘ida adrasdan tikilgan beli ochiq libosda tushgan rasmini joylagan xonandadan ayrim muxlislar voz kechib yuborganlarini shu rasm ostida qoldirilgan izohlarda ta'kidlashdi. Shunda qo‘shiqchi ularga javob berishga qaror qildi.

“Mayli, meni boshqa odamga aylantirib sevishganidan ko‘ra kim ekanligim uchun nafratlanishsin”, - deb yozdi u.
Keyingi sharhlaridan birida u muxlislariga murojaat qildi:
“Azizlarim, chin dildan barchangizga ezgulik tilab qolaman. O‘z g‘ayratingizni salbiy narsalarga ishlatmaslikka harakat qiling, uni boshqa yo‘nalishga burib yuboring, sizga tushunarsiz yoki sizga o‘xshamaydigan odamni tanqid qilmaslikka urinib ko‘ring... Yorug‘lik va muhabbat sizdan taralib turing va bundan yuz barobar muhabbat oling”.

Kun.uz  izohi: Lola Yo‘ldosheva ayni shunday ochiq-sochiq kiyingani va nojoiz xatti-harakatlari sababli litsenziyasidan mahrum bo‘lgan edi. Aftidan, uning uchun litsentsiya - faqatgina katta sahnalar, radio va televideniye orqali chiqish qilishda zarur oddiygina hujjat. Yangi qo‘shiq va kliplarini esa internet, kafe-restoranlarda premera qilsa ham bo‘laveradi, eng muhimi, uning uchun asosiy daromad manbai hisoblangan to‘y va tantanalarda qatnashayapti, katta to‘yxonalarning eshiklari yopilgani yo‘q.

Suratlar manbasi: Instagram ijtimoiy tarmog‘i

Top