Jamiyat | 22:02 / 27.11.2015
7935
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaotada o‘z qizlarini mudhish sharoitlarda saqlagan piyanista onani onalik huquqidan mahrum etishmoqchi

Olmaota shahri Auezov tumani politsiyachilari tumanda yashovchi piyanista onani onalik huquqidan mahrum qilish masalasini ko‘tardilar, deb xabar bermoqda Olmaota IIB matbuot xizmati.

5-mikrotumanda yashovchi ayol 2012 yildan beri yuvenal (balog‘atga yetmaganlar bilan shug‘ullanuvchi) politsiya hisobida turadi. Aynan o‘shanda politsiyachilar ushbu oilada nosoz muhit hukm surishini aniqlashgan. Bu oilada ikki nafar kichik yoshdagi qiz tarbiyalanadi.

“Hozir qizlar maktabga borishadi. Ularning onasi spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan va o‘z farzandlari tarbiyasi bilan umuman shug‘ullanmaydi. Inspektorlar ayolnikiga navbatdagi tashrif paytida ayol noma'lum erkaklar qurshovida bo‘lgani va ularning barchasi mast holatda ekanligini aniqlashgan. Ayol bu holatga biror-bir ongli izoh bera olmagan. Ko‘plab tushuntirish ishlari va ogohlantirishlarga qaramasdan, ayol o‘zining odatini tashlamayapti. U inspektorlar bilan har gal uchrashganda o‘z hayot tarzini o‘zgartirishga, uyini saranjom holatga keltirishga va qizlariga tegishli tarbiya berishga qasam ichib va'da beradi. Biroq, afsuski foydasiz. Biz bir narsaga ishonchimiz komil: qizlar bunday sharoitlarda qolishi xavfli”, deb aytdi Olmaota shahri ma'muriy politsiya boshqarmasi yuvenal politsiya bo‘limi boshlig‘i, politsiya podpolkovnigi Leyla Alipbayeva.

Politsiyachilar ushbu holat yuzasidan to‘plangan ma'lumotlarni yaqin kunlarda maxsus komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirib, ayolni onalik huquqidan mahrum qilish masalasini ko‘tarmoqchilar. Hozircha qizlar balog‘atga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan markazga yuborildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish