07:12 / 27.11.2015
4201

O‘zbekistonda OIV bilan kasallangan onalardan tug‘ilgan bolalarning 99,8 foizi sog‘lom dunyoga kelgan

O‘zbekistonda OIV (odam immunovirusi) bilan kasallangan onalardan tug‘ilgan bolalarning 99,8 foizi sog‘lom dunyoga kelgan. Bu haqda Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o‘rinbosari Dildora Mustafoyeva Uzbekistan Today nashriga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Mustafoyevaning aytishicha O‘zbekistonda bir necha yillar mobaynida OIV bilan zararlangan onalardan sog‘lom bolalar dunyoga keluvchi metodika ishlab chiqilgan. “Bugun bizda OIV bilan kasallangan onalardan tug‘ilgan bolalarning 99,8 foizi sog‘lom dunyoga kelgan. Yoshlardan biri OIV bilan kasalligini bila turib turmush qurish muammosi mavjud.

Yaqinda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bunday oilalarga oilaning sog‘lom a'zosi ushbu kasallikni yuqtirib olishining eng minimal xatari va sog‘lom bolalar tug‘ilishi bilan uzoq umr va baxtli hayot kechirishlariga imkon beruvchi metodikalar ishlab chiqilgani haqida ma'lumotni taqdim qildi. Yaqin kelajakda bu metodikalar O‘zbekistonda tatbiq qilinadi. Bundan tashqari, bugungi kunda barcha OIV-kasallanganlarga antiretrovirus terapiya belgilash varianti ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda bunday davolashni belgilashga organizmda SD–4 tanachalarning 500 dan kamligi asos bo‘ladi”, deb ta'kidlab o‘tdi Mustafoyeva. Avvalroq bir necha yillar mobaynida ushbu yuqumli kasallik bilan yangi kasallanganlar soni yiliga 4 mingdan ko‘proqni tashkil qilmayotgani haqida ma'lumot berilgandi. Respublika OITSga qarshi kurash markazi ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 27,5 mingdan ko‘proq OIV bilan kasallanganlar qayd etilgan.

Top