22:18 / 27.11.2015
24387

Suriyalik vazir: Su-24 samolyoti Erdo‘g‘anning o‘g‘li manfaatlari yo‘lida urib tushirildi

Turkiyaning F-16 rusumli qiruvchi samolyoti Rossiyaning Su-24 rusumli bombardimonchi harbiy samolyotini u Suriya hududidagi IShIDga tegishli neft sanoatini bombalashga jiddiy kirishgani uchun urib tushirgan. Bu haqda Suriya axborot vaziri Omran Az-Zoubi ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘g‘liga tegishli neft kompaniyasi aynan IShIDdan neft xarid qilish bilan shug‘ullangan va prezident o‘g‘li manfaatlari uchun samolyot urib tushirilgan.

"IShID neftlari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘g‘liga tegishli kompaniya tomonidan xarid qilingan. Shu tufayli ruslar IShIDning neft sanoatini bombalashni boshlagach, ayniqsa 1 oydan ko‘proq vaqt ichida neft tashuvchi 500dan ortiq yuk mashinasi yo‘q qilingani haqida ma'lumot e'lon qilinganidan keyin turklar asabiylashishni boshladi. Ular neftdan tashqari, IShID bosib olgan hududlardagi bug‘doy va qimmatbaho buyumlarni ham xarid qilishni yo‘lga qo‘ygandi", deydi vazir.

Anqara tomoning ma'lum qilishicha, 24 noyabr kuni Su-24 samolyoti Turkiya havo kengliklariga kirgani uchun urib tushirilgan. Bunga suriyalik vazir quyidagicha javob qaytargan:

"Turkiya ruslar samolyotini urib tushirishdan oldin ogohlantirganini aytishdi. Su-24 samolyotining tirik qolgan uchuvchisi esa buning aksini. Turkiyaliklar yolg‘on gapirayotganiga isbot sifatida aytish mumkinki, ular avvaliga Su-24 uchuvchilarini 10 marta ogohlantirishganini aytishdi. Keyin esa samolyot Turkiya hududida 17 soniya davomida bo‘lganini qayd etishdi. Axir buncha qisqa vaqt ichida 10 marta ogohlantirish mumkinmi? Buning texnik tomondan iloji yo‘q".

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabr kuni Rossiyaga tegishli Su-24 samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirildi. Samolyot uchuvchilari katapulta qilingan, lekin samolyot qulagan Lataqiya viloyati hududidagi turkman jangchilari ulardan birini, komandir Oleg Peshkovni hali havodaligidayoq otib o‘ldirishgan. Ikkinchi uchuvchi, shturman Konstantin Muraxtin esa Suriya maxsus xizmatlari va Rossiya qutqaruv xizmati orqali qutqarib olingan. Qutqaruv amaliyoti chog‘ida rossiyalik yana bir harbiy, matros Aleksandr Pozinich halok bo‘lgan.

Top