22:13 / 28.11.2015
4051

Xyustondagi og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ilk medallarni qo‘lga kiritdi

Xyustondagi og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Ivan Yefremov 105 kg vazn toifasida siltab ko‘tarishda eng yaxshi natijani ko‘rsatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bundan sal avvalroq shu vazn toifasida “V” guruhida yana bir hamyurtimiz Sardor Do‘stmurodov ishtirok etdi. Uning yelkaga olib ko‘tarishda 228 kg lik shtangani ko‘tarishi yana bitta medal – bronza medalini ta'minladi.


Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashaydigan Ivan Yefremov O‘zbekistondagi sport ixlosmandlariga yaxshi tanish. Bungacha sportchimiz Osiyo o‘yinlarining kumush medalini qo‘lga kiritgan, Olimpiada o‘yinlarida 5-o‘rinni egallagan. Va mana nihoyat oltin medal. Bu chempionatni dunyoning ikki nafar yetakchi og‘ir atletikachisi Ilya Ilin va Ruslan Nuriddinov o‘tkazib yubordilar. Rossiyalik David Bedjanyan bunday qulay fursatdan foydalanishi mumkin edi. Biroq bu sodir bo‘lmadi. To‘satdan bellashuvga qozog‘istonlik Aleksandr Zaychikov kirishdi. O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, umumiy hisobda 10 nafar sportchi g‘alaba qilish uchun bir xil imkoniyatga ega bo‘lgan. Shunday murakkab vaziyatda Ivan Yefremov munosib ishtirok etdi. U o‘zining sevimli mashqi – siltab ko‘tarishda barcha uchta urinishni bajardi. 183, 187 va 192 kg lik shtangalar unga jahon chempionatining oltin medalini ta'minladi.

Tan olish joizki, Ivan yelkaga olib ko‘tarish mashqida medal uchun kurasha olmadi va bunga arzirli sabablar bor. Ivan natijada ikki mashq bo‘yicha 8-o‘rinni egalladi.

Ikki mashq yig‘indisi bo‘yicha qozog‘istonlik sportchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni rossiyalik David Bedjanyan, 3-o‘rinni litvalik Arturs Pleshniyeks qo‘lga kiritdi.

Hamyurtimizning yuqori natijani qo‘lga kiritgani munosabati bilan O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi vakillari, murabbiylar va terma jamoani tayyorlashga hissa qo‘shgan barchani va albatta muxlislarni chin yurakdan muborakbod etib qolamiz.

O‘ta og‘ir vazndagi bellashuvlarda yana bir hamyurtimiz Rustam Jangaboyev ishtirok etadi. Yakuniy bayonnomadan keyin Olimpiada litsenziyalari haqidagi barcha ma'lumotlar ayon ma'lum bo‘ladi.

Top