Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
29 noyabr kuni Su-24ning halok bo‘lgan uchuvchisi tanasi Rossiyaga topshiriladi
Suriyada halok bo‘lgan rossiyalik uchuvchi Oleg Peshkovning tanasi 29 noyabr kuni Turkiyadagi Rossiya diplomatlariga topshiriladi. Bu haqda Rossiyaning Anqaradagi elchixonasi press-attashesi Igor Mityakov ma'lumot berdi.
“Bugun Xatay viloyatidan Anqaraga RF qahramoni Oleg Anatolevich Peshkovning tanasi olib kelinganini ma'lum qilishdi. Parvozda uni elchixonaning harbiy attashesi kuzatib boradi. Anqara aerodromida samolyotni RF elchisi Andrey Karlov hamda elchixona namoyandalari kutib oladi. Rossiyaga uchuvchining tanasi qachon yetkazilishi borasida aniq ma'lumot yo‘q”, - uning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.
Ilgariroq Turkiya bosh vaziri Ahmat Dovudo‘g‘li rossiyalik uchuvchining tanasi turkmanlar qo‘lidan olinganini, yaqinda rossiyalik diplomatlarga yetkazilishini ma'lum qilgan edi. Shu kecha Xatayda barcha zaruriy diniy marosimlar o‘tkazilgan.
Oleg Peshkov Turkiya harbiy kuchlari tomonidan urib tushirilgan Su-24 samolyotining uchuvchisi edi. Samolyot raketaga uchganida u katapulta tugmasini bosib ulgurgan bo‘lsa ham, parashyutda havodan tushayotganida qurolli turkman guruhlari tomonidan otib tashlandi.