00:11 / 29.11.2015
7651

Suriya Qurolli kuchlari generali: Turkiya terrorchilarga qurol yetkazib berishni tashkillashtirmoqda

Turkiya hukumati terrorchilarga qurol yetkazib berishni tashkillashtirmoqda, deb xabar bermoqda Suriya Qurolli kuchlari generali Ali Mayxub.

“Suriya-Turkiya chegarasida juda murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Chegarani deyarli terrorchilar nazorat qilayotganidan foydalanib, turk hukumati ularga jinoiy faoliyatni yuritish uchun qurol-aslaha, o‘q-dori va boshqa moddiy vositalarni hech qanday qarshiliksiz yetkazib berishni tashkillashtirmoqda. Turkiya buning evaziga xalqaro jinoyatchilardan arzon narxda neft, banditlar tomonidan Suriya va Iroq muzeylarida o‘g‘irlangan madaniy yodgorliklar va boshqa kontrabanda mahsulotlarni olmoqda”, deb aytdi Mayxub.

“Turkiyadan kelayotgan avtomobillar terrorchilar tomonidan bosib olingan hududlarga Suriya hukumati chegaraning bu qismini vaqtinchalik nazorat qila olmayotgan bir paytda qarshiliksiz, hech qanday tekshiruvsiz kirmoqda. Turk hukumati aytayotgan gumanitar karvonlar bu terrorchilarga kerakli yuklarni yetkazishga yordam beruvchi hamda yaralangan va kasal banditlarni turk shifoxonalariga evakuatsiya qilishda transportdan maksimal foydalanish uchun yaratilgan uydirmadir”, deb ta'kidlamoqda Mayxub.

Mayxubning aytishicha, turk hukumatining ma'suliyatsiz munosabati tufayli qarovsiz qolgan chegaralar terrorchilarga Yevropa davlatlariga bemalol o‘tib, u yerda o‘zining vahshiy jinoyatlarini amalga oshirishga imkon beradi.

“O‘tgan tun Turkiyadagi Jabal-Akra tog‘i tomondan Suriya hukumat qo‘shinlariga qarata jadal ravishda minomyot otishmasi olib borildi”, deb qo‘shimcha qildi general.

Generalning aytishicha, Suriya armiyasi bosh qo‘mondoni bunday xatti-harakatlarning xavfli ekanidan ogohlantirmoqda va dunyo hamjamiyatidan xalqaro terrorchilikni bevosita va bilvosita qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishga majburlash maqsadida Turkiyaga maksimal ravishda bosim o‘tkazishni talab qilmoqda.

Top