10:21 / 30.11.2015
5153

2015 yilning 8 oyi davomida 456 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirining OITS (OIV)ga chalingani aniqlandi

2015 yilning 8 oyi davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan 456 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri OITS (OIV) kasalligiga chalingani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV mas'ul xodimi Ulug‘bek Tuymaboyev “Mahalla” gazetasiga ma'lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida tibbiyot muassasalari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan 239 ming 437 nafar fuqarodan 10 ming 324 tasida turli kasalliklar aniqlangan. Noqonuniy migratsiya oqibatida jabrlangan 295 nafar fuqaro turli kasalliklar sababli hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Ular orasida 456 nafari hozirda insoniyatni tashvishga solib turgan OITS (OIV) kasalini orttirgan.

U.Tuymaboyevning qo‘shimcha qilishicha, xorijga ishga borgan hamyurtlarimiz ham baxtsiz hodisalardan chetda emas. Boz ustiga, ular o‘zga yurtlarda sarson va sargardon. Qozon shahridagi «Admiral» savdo kompleksida sodir bo‘lgan yong‘in natijasida noqonuniy ravishda ishlash maqsadida yo‘l olgan hamyurtlarimizdan 1965 yilda tug‘ilgan samarqandlik Shokir Hamidov, 1994 yilda Izboskan tumanida tug‘ilgan Begzod Yo‘ldoshev, 1996 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan Umidbek Matqurbonov hayotdan ko‘z yumdi.

Top