Jahon | 16:27 / 30.11.2015
13222
2 daqiqa o‘qiladi

FT: Turkiya bilan turistik aloqalarning uzilishi Rossiyani yakkamohov qilib qo‘yadi

Turkiyaga turlarning sotilishiga qo‘yilgan taqiq bir qator ekspertlarga “temir parda sharpalari”ni eslatib yubormoqda, deb yozmoqda Financial Times gazetasi.

Aytilishicha, Turkiya plyajlaridan voz kechishga bo‘lgan chaqiriq ko‘pchilik rossiyaliklarni dam olish umididan mahrum qildi, negaki rubl kursining tushishi, iqtisodiyot retsessiyasi sharoitida Misr va Turkiya ular uchun eng hamyonbop turistik yo‘nalishlarga aylanib qolgan edi. Hukumat ma'lumotlariga qaraganda, joriy yilning birinchi yarmida aynan shu davlatlarga turlar barcha sayohatlarning 38 foizini tashkil qilgan.

Maqolada ta'kidlanishicha, oxirgi yillarda neft narxining o‘sishi Rossiya iqtisodiyotini rivojlantirgan, buning natijasida ushbu mamlakat fuqarolari chet elga oson chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi.

Ammo endi vaziyat o‘zgardi. Hukumat bashoratlariga qaraganda, Misr va Turkiyaga parvozlarning bekor qilinishidan so‘ng 2016 yilda rossiyaliklarning chet elga chiqishining umumiy hajmi 40 foizga kamayadi va 2000 yil ko‘rsatkichlariga qaytadi.

“Bu Rossiya o‘rta sinfining boshqa mamlakatlar bilan munosabatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu juda xavotirli. Bu temir parda sharpasidir”, - dedi Iqtisodiyot oliy maktabi ijtimoiy siyosat instituti direktori Sergey Smirnov.

U bugungi voqealarni 1917 yil bilan qiyoslab ko‘rdi.

“Oktyabr inqilobidan so‘ng Sovet Ittifoqidagi hayot normal va hatto boshqa davlatlardagidan yaxshiroq degan fikrga ishonadigan avlod yetishdi. Agar bugungi vaziyat cho‘zilib ketsa, biz mana shunday modelni yaratgan bo‘lamiz”, - ta'kidladi ekspert.
Shu bilan birga, ikki mashhur turistik yo‘nalishning yopilishi ichki turizmning rivojlanishiga olib kelishini ta'kidlab o‘tdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish