Sport | 21:36 / 30.11.2015
7185
2 daqiqa o‘qiladi

Levandovskining 4ta natijasi Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi

"Bavariya" jamoasi hujumchisi Robert Levandovskining 4ta natijasi Ginnes rekordlar kitobidan joy oldi. Myunxenda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, futbolchining Germaniya bundesligasi 6-turida "Volfsburg" jamoasi darvozasiga yo‘llagan gollari buni ta'minlagan.

22 sentabr kuni o‘tkazilgan o‘sha o‘yinda Levandovski zaxiradan maydonga tushganva 5ta gol urgandi. Rekordlar kitobida uning ushbu uchrashuvdagi dastlab urgan 3ta goli "eng tezkor xet-trik" (3 daqiqayu 22 soniya) sifatida, 4ta goli "eng tezkor poker" (5 daqiqayu 42 soniya), 5ta goli "eng tezkor flesh" (8 daqiqayu 59 soniya) sifatida qayd etilgan. U shuningdek, zaxiradan maydonga tushib shuncha gol urgan ilk futbolchi sifatida qayd qilingan.

Bundan oldin Germaniya chempionatidagi eng tezkor xet-trikni "Duysburg" jamoasi futbolchisi Mikael Tennisi qayd etgandi. U 1991 yilda "Karlsrue" darvozasiga 6 daqiqa ichida 3ta gol yo‘llagandi.

Ma'lumot uchun, Levandovski joriy mavsumda bundesliganing o‘tgan turdarida 14ta gol urdi va YeChLda 5ta golga mualliflik qildi.