Jahon | 23:12 / 30.11.2015
2339
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada Ukrainada urib tushirilgan Boeing samolyoti bilan bog‘liq buyumlarni internet orqali sotgan politsiyachi ishidan bo‘shatildi

Niderlandiyada Ukrainada urib tushirilgan Boeing samolyoti bilan bog‘liq buyumlarni internet orqali sotishni yo‘lga qo‘ygan politsiyachi ishidan bo‘shatildi, deb xabar berdi NL Times nashri.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, politsiyachi o‘z xizmat vakolatini suiiste'mol qilgan holda olgan ushbu buyumlarni Marktplaats e'lonlar saytida sotuvga qo‘ygan. Politsiyachi ishidan bo‘shatilgandan keyin hibsga olindi.

Ma'lum qilinishicha, politsiyachi Boeing falokatini tergov qilgan qutqaruvchilarga tegishli bo‘lgan maxsus kiyimni hamda “noma'lum materialning kichkina bo‘lagini” sotmoqchi bo‘lgan.

Politsiya hozircha nimadir sotilganini ayta olmayapti. Marktplaats vakillari e'lonni “shubhali va axloqsiz” deb topib, uni saytdan o‘chirib tashlashgan va tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorgarliklarini bildirganlar.

Malaysia Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 777 samolyoti Amsterdamdan Kuala-Lumpurga 2014 yil 17 iyulda uchib ketayotganda Ukrainaning sharqida Donetsk viloyatida urib tushirilgan. Samolyot bortida 283 nafar yo‘lovchi va 15 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish