O‘zbekiston | 08:40 / 30.11.2015
13010
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston “kuchli pasportlar” reytingida 64-o‘rinni egalladi

AQShning The Washington Post gazetasi jahon mamlakatlari pasportining “kuchi”ni hisoblab chiqdi. Tadqiqotda Arton Capital konsalting kompaniyasi taqdim etgan ma'lumotlardan foydalanildi.

O‘z navbatida, kompaniya o‘z hisobotida turli davlatlardagi viza cheklovlari indeksini inobatga olgan, bunda Xalqaro havo transport agentligining (IATA) axborotiga tayangan edi.
Maksimal vizasiz chiqish imkoniyatlariga ega davlatlarning pasportlari indeksda “kuchliroq” deb topildi. Qattiqlashtirilgan vizali rejimdagi davlatlarning pasportlari esa ro‘yxatning oxiridan o‘rin oldi.

Birinchi o‘rinni AQSh va Buyuk Britaniya pasportlari egalladi. Bu davlatlar fuqarolari 147 mamlakatga vizasiz yoki yengillashtirilgan tartibda chiqishi mumkin. Keyingi pog‘onalarni band qilgan Fransiya, Janubiy Koreya va Germaniyada esa bu ko‘rsatkich 145 davlatga teng. Uchinchi o‘rinni Shvetsiya va Italiya, to‘rtinchi o‘rinni esa Daniya, Singapur, Finlyandiya, Yaponiya, Lyuksemburg, Gollandiya bo‘lishib olishdi. Kuchli besh o‘ringa Shveytsariya yakun yasadi.

O‘zbekiston joriy indeksda Tojikiston, Kongo, Zimbabve, Mavritaniya, Misr, Burkina-Faso bilan birgalikda 64-o‘rinni egalladi. Bu davlatlar fuqarolari bor-yo‘g‘i 53 davlatga yengillashtirilgan tartibda chiqa oladi.

Boshqa MDH davlatlarining ko‘rsatkichlari ham ancha pastligi ma'lum bo‘ldi. Reytingda Rossiya 35 (98), Ukraina 36 (96), Belarus 52 (66), Qozog‘iston 53 (65), Ozarbayjon 57 (61), Armaniston 62 (55), Qirg‘iziston 63 (54), Turkmaniston 70-o‘rinni (47) egalladi.
Indeksga yakun yasab, uning oxirgi 5 pog‘onasini zabt etgan davlatlar quyidagilardir: 76-o‘rin - Kongo Demokratik Respublikasi, Yaman, MAR, Kosovo (41); 77-o‘rin (40) – Ekvatorial Gvineya, Butan, Burundi, Komor orollari; 78-o‘rin (39) – Somali, Eritreya; 79-o‘rin (38) – Iroq, Afg‘oniston, Jibuti, Efiopiya, Nepal; 80-o‘rin (28) – Falastin, Janubiy Sudan, Solomon orollari, San-Tome va Prinsipi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish