12:46 / 30.11.2015
13828

Suriyaga ketishda qo‘lga olingan yigitlar qilmishlaridan pushaymonligi uchun sud zalida ozod qilindi

Surxondaryo viloyat sudi Suriyaga ketishga harakat qilganida qo‘lga olingan yoshlar – Yusuf Esonturdiyev va Abdurahmon Eshqobilovni sud zalidan ozod qildi. Bu haqda viloyat sudi vakiliga tayangan holda 12news.uz resursi xabar bermoqda.

Aytilishicha, Sho‘rchi tumanida istiqomat qiluvchi Rahmatilla va Yusuf Esonturdiyevlar, shuningdek, Abdurahmon Eshqobilov 2013 yili Dog‘istonga (Rossiya) mehnat muhojirligiga yo‘l olgan.

U yerda Rahmatilla “Hizb ut-tahrir” ekstremistik guruhi ta'siri ostiga tushib, “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali IShID jangarilari bilan yozishmalar olib borib turgan. 2014 yil noyabrida Rahmatilla Moskva-Kiyev-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha Suriyaga yo‘l olgan, qarindoshlari Yusuf va Abdurahmonga esa O‘zbekistonga qaytishni topshirgan.

2015 yilda Yusuf va Abdurahmon internet orqali Rahmatilla bilan aloqaga chiqib, uning IShID qarorgohlaridan birida tayyorgarlik o‘tayotganidan xabar topishgan hamda uning chaqirig‘iga binoan o‘zlari ham “jihod”da ishtirok etishga yo‘l olishgan. Ular Andijonga ketayotganlarida Sho‘rchi-Toshkent avtobusida qo‘lga olingan.
Yoshlarning pushaymonligi, ularning oilaviy sharoiti va yashash joyidan berilgan tavsifnoma tufayli sud ularni ozod etishga qaror qildi.

Rahmatilla Esonturdiyev esa Suriyadagi harbiy to‘qnashuvlardan birida halok bo‘lgani ma'lum qilindi.

Top