Jahon | 12:33 / 30.11.2015
26006
12 daqiqa o‘qiladi

“Turk xanjari”ni orqadan qanday sug‘urib olsa bo‘ladi?

24 noyabr tongida jangovar vazifasini bajarayotgan rus front bombardimon samolyoti Su-24Mni (samolyot komandiri — podpolkovnik Oleg Peshkov va shturmani — kapitan Konstantin Muraxtin) turklarning Viper (“gazanda”) deb ataluvchi F-16 Fighting Falcon qiruvchi samolyoti urib tushirdi. Shu kuni ikki Su-24M Lazqiya provinsiyasining turkmanlar yashovchi qismida Suriya muxoliflariga qarshi bomba hujumi uyushtirayotgan edi. Rus uchuvchilari front chizig‘iga juda yaqin bo‘lgan o‘rmonli tog‘ hududida katapulta orqali qo‘nishgan. Peshkov, aftidan, turkmanlar tomonidan parashyutdaligidayoq otib o‘ldirilgan. Muraxtinni esa qidiruv-qutqaruv operatsiyasi chog‘ida qutqarib qolishgan.

Turkmanlar haqida eshitgan, biladiganlar juda kam edi; ular turkman-o‘g‘uzlarning avlodi bo‘lib, Yaqin Sharqqa XI asrlarda ko‘chib kelishgan. Suriyalik turkmanlar zamonaviy turk alifbosidan foydalanadilar va hozirgi turk tiliga yaqin bir shevada gaplashadilar. Turk harbiy tabaqalari uchun suriyalik turkmanlar ham turk hisoblanib, ularni Turkiya harbiy kuchlari himoya qilishi zarur, deb biladilar, hatto Rossiya havo kuchlari zarbalaridan ham.

Turkmanlardan bo‘lgan ko‘ngilli askarlar – Suriya turkman brigadalari 2012 yili tashkil qilingan Suriya Turkman xalqining assambleyasiga bo‘ynsunadilar. Suriyada fuqarolar urushi boshlanib ketganidan so‘ng, turkmanlar Turkiyaning faol yordami bilan Lazqiyaning (Turkman tog‘lari) shimoliy tog‘li hududlarini Bashar Asad rejimidan tozalab tashlagan edi.

Rus aviatsiyasining havo hujumlari boshlanishidan ko‘p o‘tmay Shimoliy Lazqiyada Asad tuzumining doimiy kuchlari hamda livanlik shia terrorchilar bo‘linmasi bo‘lgan “Hizbulloh” tinimsiz havo ko‘magi ostida turkman qo‘zg‘olonchilarning asosiy kuchlarini tor-mor qilishga qaratilgan uch tomonlama hujumli operatsiyalarni boshlab yuborishdi.
Suriyadagi ruslarning “Humaymim” aviabazasida intervyu bergan Muraxtin jurnalistlarga uning samolyoti Turkiya hududiga tasodifan ham kirib qola olmasligini bildirib, “Biz u yerda bir necha bor jangovar parvoz qilganmiz. Menga shturman sifatida u yerning har bir tepaligi tanish bo‘lib qolgan. U yerda hatto xarita-uskunalarsiz ham parvoz qila olaman” deb aytgan. Bundan kelib chiqadiki, ular turkmanlarni to‘xtovsiz bombardimon qilmoqdalar.

Rossiya hukumati Su-24Mga bo‘lgan hujumni turk hukumati va shaxsan Erdo‘g‘anning o‘zi neft mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liqligi tufayli, Rossiya IShIDning benzin tashuvchi mashinalariga hujum qilgani uchun turklar bizdan qasos olishdi deya talqin qilmoqda. Holbuki, turkman tog‘larida na neft koni, na uni qayta ishlash zavodi, na benzin tashuvchi mashinalar, na IShID hududi mavjud. Noqonuniy neft savdosiga kelsak, hozirda IShIDdan uni nafaqat turklar, balki kurdlar ham, Moskva qo‘llayotgan Asad tuzumi ham xarid qilishmoqda. Anqaradagi vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, Erdo‘g‘an yozdayoq turk armiyasi chegaradan o‘tishi, Shimoliy Suriyaga joylashib, o‘sha yerda oraliq hududini tashkil qilishi haqida taklif bilan chiqqan, ammo turk bosh shtabi buni rad etgan. Bu taklifdan ko‘p o‘tmay muxolifat va turkman qo‘zg‘olonchilari omadli yurishlar qilib, o‘z hududlarini Lazqiya tomon kengaytirib borganlar. Bugun Asad kuchlarining zarbasi va ruslarning bombalari ostida Shimoliy Lazqiya fronti ushlanib tursa-da, allaqachon darz ketib bo‘lgan. Bir qator muhim pozitsiyalar esa boy berilgan. Agar front qulasa, Suriya hukumat kuchlari to‘ppa-to‘g‘ri ushbu viloyatlarning poytaxti bo‘lgan Idlib yo‘liga chiqib oladi va bir necha ming mahalliy turkman aholisi Turkiyadan panoh istab u yerga qochishi mumkin. Umuman olganda esa, ularning ko‘pchiligi allaqachon qochqinlarga aylanib bo‘lishgan.

Shunga o‘xshash Turkiya chegarasi oldida turklarga nisbatan etnik tozalashlar Erdo‘g‘anning hukmron partiyasi, turk jamiyati hamda, eng muhimi, Turkiya harbiylari uchun mutlaq qabul qilib bo‘lmaydigan variantdir. Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, turk harbiylari shu bahonada chegarani buzib kirgan yoki buzib kirmagan Su-24M samolyotini urish tushirgan. Balki bir necha marta diplomatik yo‘llar bilan ogohlantirishlar naf bermaganidan so‘ng turk harbiylarining sabr kosasi to‘lib-toshib ketgandir.


20 noyabr kuni Anqaradagi Rossiya elchisi Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va undan Turkiya chegarasi yonida, turkmanlar hududidagi harbiy amaliyotlarni hamda “to‘xtovsiz bombardimonlar”ni bitirish talab qilinadi. Prezident Vladimir Putin va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Shimoliy Lazqiyada “Rossiyadan chiqqan jangarilar yig‘ilgani” va Rossiya havo kuchlari “oldini oluvchi zarba”lar berishga haqli ekanini aytishdi.

GOU bosh shtabi rahbari Sergey Rudskoy so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Lazqiyada “Shimoliy Kavkazdan chiqqan 1000dan oshiq janglarilar to‘plangan”, va Suriyaning hukumat kuchlari hamda Rossiya havo kuchlari yordamida mazkur hududlarni jangarilardan tozalash amaliyotini olib borayotgan ekan. Shunday deb turib, biron bir rossiyalik general Turkman tog‘larida rossiyalik xalqaro terrorchilarga to‘lib-toshib ketgani haqida biron dalil, hujjat keltirgani yo‘q. Rudskoyning ta'kidlashicha, “sheriklarimizning birontasi mazkur hududda “mo‘'tadil muxolifat” borligi haqida biron marta lom-mim demagan va bu hududlar bombardimon qilinmasligi kerak deb hech kim ogohlantirmagan”. Tushunarsiz: Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bosh shtabga turklarning bombardimonlarni to‘xtatishi haqidagi talablarni yetkazishmaganmi?
Endi Rossiya harbiy harakatlar boshlash arafasi davriga kirib bo‘ldi: Anqara bilan dipomatik aloqalar yomonlashmoqda, bojxona barcha turdagi turk maxsulotlarini o‘tkazishni to‘xtayapti. Putin Turkiyadagi barcha rossiyalik sayyohlarni “xavf ostida” qolishi haqida ogohlantirib, agar u yoki bu korhol sodir bo‘ladigan bo‘lsa bunga javob bermaymiz”, deb ogohlantirib qo‘ydi.

Yana, agar voqealar keskin tus oladigan bo‘lsa, reaksiya berishi va xavfli holat yuzaga kelishi mumkinligi yuzasidan ogohlantirildi.

Suriyada eng yangi ZRK S-400, ZRK “Fort” (S-300F) bilan jihozlangan “Moskva” kreyseri Lazqiyada ishini boshlagani e'lon qilindi. Sergey Shoyguning aytishicha, “havodagi kuchlarimizga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday havodagi nishonni yo‘q qilishga shay turibdi”. Bu yerda Turkiya qiruvchi samolyotlari haqida gap bormoqda, ya'ni ularni istagan vaqtda urib tushirishimiz mumkin, deyilmoqda. Rossiya bombardimonchi samolyotlari endi qiruvchi uchoqlar bilan birga parvoz qilishi ham e'lon qilindi, ya'ni, kerak bo‘lsa, turk samolyotlari bilan jangga kirishlari mumkin. So‘ngi xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Lazqiyada Rossiya havo kuchlari insonparvarlik yuklari bilan kelayotgan yuk tashuvchi avtoulovlarni bombardimon qilgan, ko‘p haydovchilar halok bo‘lgan.

Turk floti Rossiyaning O‘rta Yer va Qora dengizlardagi harbiy bo‘linmalaridan bir necha marta katta va kuchlidir. Keng ko‘lamli mintaqaviy ziddiyat yuzaga chiqqan taqdirda turklar bu muammoni hal qilishda AQShga ham, NATO kuchlariga ham ehtiyoj sezmaydi – talofatlar bilan bo‘lsa-da, o‘zlari tajovuzlarni bartaraf eta olishadi. S-400 “Triumf” haqiqatan ham kuchli va zamonaviy tizim. Lekin uni ishga tushirish uchun strategik baza kerak. Hozir esa uni jiddiy quruqlik himoyasisiz, urush jabhasining yonginasiga joylashtirishyapti. Agar turk tanklari Suriyaga kirib, muxolifat qo‘llab-quvvatlovi bilan hujumga o‘tgudek bo‘lsa, “Humaymim” harbiy bazasiga ikki soatda yetib borishi va S-400 tizimini o‘lja qilib qo‘lga kiritishi mumkin.

Turklar ham hech qayerga chekina olmaydilar. Erdo‘g‘an va bosh vazir Ahmat Dovudo‘g‘li xuddi Lavrov kabi konflikt eskalatsiyasini istamasligini aytishmoqda. Anqaraga ittifoqchilari bo‘lgan Vashington va NATO ham atom bombasi bor davlatni provokatsiya qilmaslik kerak deb bosim o‘tkazyapti.

Biroq ikkalasi ham “turkman qardosh”larni himoya qilamiz, deb ontlar ichmoqda va agar endi orqaga chekinsa, nafaqat iqtidorni yo‘qotishi, balki butun umrga qamoqqa tushishini yaxshi anglab turibdi. 1974 yili Kiprdagi etnik turklar o‘z qishloqlarida qurshovga olinganida Turk armiyasi, Vashingtonning taqiqlariga qaramay, orolga bostirib kirgan edi.

«Humaymim»dagi rossiyaliklarning harbiy-havo bazasida atigi ikkita, har biri to‘rtta (Su-30SM va Su-27SM3 rusumli) samolyotdan iborat qiruvchi qism mavjud. Parvoz tadbirlari uchun talab darajasida jihozlangan bittagina ushbu bazaga qo‘shimcha ravishda katta kuch olib o‘tish, birinchidan qiyin kechadi, ikkinchidan esa, katta kuchni bitta zaif joyga jamlash xavfli sanaladi. Turklarda jami 179ta bir o‘rinli F-16C va 57ta ikki o‘rinli F-16D rusumli, takomillashtirilgan modifikatsiyalarga mansub samolyot mavjud. Aytganday, litsenziyaga muvofiq F-16ni ular o‘zlari ishlab chiqarishadi. Bundan tashqari, turklarda zamonaviy aviabazalarning qudratli tarmog‘i bor. Uchuvchilari ham yaxshi tayyorlangan. Pusib kelib, yaqin jangda qo‘llaniladigan AIM-9 Sidewinder rusumli raketa qo‘llagancha Su-24Mni shunday urib tushirishganki, na ekipaj va na havo sarhadini nazorat qilish xizmati biron nima payqagan. Aslida nima bo‘lganini ular ancha vaqt anglay olishmagan.

Albatta, Rossiya yadro quroliga ega mamlakat, biroq turklarda ham Suriya yaqinida joylashgan Injirli bazasida AQSh bilan birga ishlatish kalitiga ega bo‘lgan 40qa yaqin B1 atom bombalari saqlanmoqda. Bu bombalar Rossiya bilan urush chiqib qolsa foydalanilishi ko‘zda tutilgan.

Balki biroz to‘xtash, popukni pasaytirish, ishni katta ma'siyatgacha yetkazmay, burishib, turklarning ortdan turib urilgan xanjarini orqadan sug‘urib chiqarish va kelishishga urinib ko‘rish lozim, hech bo‘lmasa turkmanlarni qirib tugatishni oxirigacha yetkazmaslik kerakdir?

Pavel Felgengauer, “Novaya Gazeta” / Abu Muslim tarjimasi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish