18:54 / 01.12.2015
2915

Fransiyaning Alstom va Germaniyaning Teichmann Group kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarda ishtirok etishadi

Fransiyaning Alstom va Germaniyaning Teichmann Group kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi ma'lum qilindi.

5-6 noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro investitsiyaviy forum “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarni modernizatsiyalash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, tarmoqqa xorijiy investorlarni yanada keng jalb etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Forumda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishgan xorijiy investorlarda Toshkent mexanika zavodi faoliyati katta qiziqish uyg‘otgan.

UzAning ma'lum qilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Fransiyaning “Alstom” kompaniyasi bilan asinxron tortishli elektr dvigatellari, Germaniyaning “Teichmann Group” kompaniyasi bilan yuk ko‘tarish mashinalari kranlari va mexanizmlarini modernizatsiya qilish, tiklash va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan imzolangan memorandumlarga muvofiq mazkur investitsiya loyihalari Toshkent mexanika zavodi bazasida amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yilda investitsiya loyihalarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, muhandislik-transport kommunikatsiyalarini ulash, qo‘shma korxona tashkil qilish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash va bitim imzolash ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidentining joriy yil 30 apreldagi “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq mazkur korxonada to‘rt yo‘nalishda 38 loyihani amalga oshirish belgilangan. Shundan 14 loyiha yuk va yo‘lovchi vagonlari, sovutgich va konteynerlar, butlovchi qismlar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarga taalluqli. Eng muhimi, tashkil etiladigan ishlab chiqarish quvvatlariga 2018 yilning 1 yanvariga qadar soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llaniladi.

Top