18:33 / 01.12.2015
7622

O‘zbekiston FVV turli viloyatlarda qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimining 2015 yil asosiy tadbirlar rejasiga asosan joriy yilning noyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida, Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

O‘quv mashqlariga FVDT hududiy quyi tizimi organlari rahbarlar tarkibi hamda ularning kuch va vositalari, iqtisodiyot obektlari, o‘quv muassasalari, ommaviy axborot vositalari jalb etildi.

Xabar berish tizimining tayyorgarligi va barqaror ishlashini tekshirish, FVDT hududiy quyi tizimi organlarining favqulodda vaziyatlarda funksional vazifalarini bajarish yo‘nalishlarini aniqlashtirish, avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni bajarishda moddiy-texnik ta'minot masalalarini hal etish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda FVDT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlarini ko‘rib chiqish o‘quv mashqining asosiy maqsadi etib belgilandi.

Mashg‘ulotlar davomida bir qator taktik-maxsus o‘quv mashqlari ham o‘tkazilib, ularning tarkibida Fuqaro muhofazasi kunlari tashkil etildi. Ayni tadbirlarda favqulodda vaziyatlarda xabar berish, ular sodir bo‘lganda birlamchi vazifalarni amalga oshirish, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga ixtisoslashgan mexanizatsiyalashtirilgan otryadlarning favqulodda vaziyatlarda harakatlanishga shayligi sinovdan o‘tkazildi.

Shu bilan bir qatorda, Qo‘mondonlik shtab o‘quv mashg‘ulotlari davomida tumanlardagi barcha korxona, tashkilot ishchi-xizmatchilari hamda qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi ish bilan band bo‘lmagan aholi bilan “Tabiiy va is gazidan, oziq ovqat mahsulotlaridan zaharlanish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar oldini olish”, "Quturish kasalligi oldini olish” , “Ommaviy tadbirlarda o‘zini tuta bilish va sarosimaga tushmaslik, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatni amalga oshirish qoidalariga rioya qilish” mavzularida uchrashuv va suhbatlar o‘tkazildi.

Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida Fuqaro muhofazasi tadbirlarini rejalashtirish va amalga oshirishga oid nazariy savollar ham o‘rganib chiqildi.

Mazkur qo‘mondonlik – shtab o‘quv mashg‘ulotlar davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, FVDT xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, o‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etgan qatnashchilar munosib rag‘batlantirilishdi.

Top