O‘zbekiston | 15:48 / 01.12.2015
2512
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tarmoqni rivojlantirishga 883,7 mln dollar sarflanadi

O‘zbekistonda 2020 yilga qadar internetga ulanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 9ta loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda 30 noyabr kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali texnologiyalarning joriy qilinishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, telekommunikatsiya xizmatlari bozori operatorlari tomonidan mintaqalarda keng polosali ulanish portlarini kengaytirish, sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yilda tasdiqlangan 2015-2019 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining manzilli rivojlantirish dasturiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Dastur o‘zida umumiy summasi 883,7 mln dollardan iborat 9 ta yirik investitsiya loyihani o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular orasida quyidagi loyihalar mavjud:
- mobil aloqa tarmoqlarini, xususan, HSPA+, 4G LTE texnologiyalarini rivojlantirish;
- qayd etilgan va simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini kengaytirish;
- ma'lumotlar uzatish magistral va multiservis tarmoqlarini kengaytirish, optik-tolali aloqa liniyalarini qurish;
- multimedia xizmatlarining yangi turlarini joriy etish va kontentni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida qayd etilgan keng polosali ulanish portlari soni 2,2 marta, ma'lumotlar uzatish tezligi esa 20 martaga oshadi. Shuningdek, 20dan ortiq yangi xizmat turlarini joriy etish, jumladan, IP-televideniya, IP-telefoniya va boshqa xizmatlarni yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.
Mazkur barcha ishlar mamlakatimiz ekspertlari tomonidan yetakchi xalqaro mutaxassislarni jalb etgan holda, maxsus ishlab chiqilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi doirasida kompleks ravishda amalga oshirilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish