O‘zbekiston | 20:45 / 01.12.2015
7220
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Rossiyadagi sobiq elchisi «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasiga rahbar etib tayinlandi

30 noyabr kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan ozod etilgan Akmal Kamalov «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasiga rahbar sifatida tayinlangan. Bu haqda O‘zbekiston TIVning feysbukdagi sahifasida ma'lumot berilgan.

Kamalov O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi sifatida bir yildan ortiqroq vaqt davomida faoliyat ko‘rsatdi (2014 yilning oktabr oyidan 2015 yilning noyabr oyigacha). Akmal Kamalov ilgari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Akmal Kamalov Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti (1991 yil, muhandis-mexanik) va Prezident qoshidagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi (2004 yil, xalqaro iqtisodiy munosabatlar magistri) bitiruvchisi hisoblanadi. Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.

2001—2005 yillarda «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat kompaniyasida xalqaro iqtisodiy aloqalar departamenti rahbari bo‘lib ishlagan.

2005—2011 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi o‘rinbosari, keyin esa Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

27 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekistonda paxta xomashyosini qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadigan “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tashkil etish bo‘yicha farmonini imzolagandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish