Jahon | 19:03 / 01.12.2015
3044
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Gennadiy Xazanovni yubiley bilan tabrikladi va unga pazandachilik kitobini sovg‘a qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rossiyalik mashhur hajvchi Gennadiy Xazanov bilan uchrashuvi paytida artistni “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” I darajali ordeni bilan taqdirlanishi haqidagi farmonni imzolaganini aytib, unga pazandachilik kitobini sovg‘a qildi.

70 yoshini qarshilayotgan artist ham o‘z navbatida 1 dekabrda Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvga bo‘sh qo‘l bilan kelmadi: u o‘zi bilan sovg‘a sifatida imperator tojining nusxasini olib keldi.

“Sizni 70 yoshingiz bilan tabriklashga ijozat bergaysiz va ko‘p millionlik muxlislaringiz iltimosi bilan sizni “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” I darajali ordeni bilan taqdirlash haqidagi farmonni imzolaganimni aytmoqchiman. Orden nomi siz ko‘plar yillar davomida qilgan ishlaringizga mos”, deb aytdi Putin.

Putin artistga ijodi va “qiyin ishi” uchun minnatdorchilik bildirdi va hamda “oshpazlik texnikumining eng mashhur bitiruvchisi” hisoblangan Xazanovga noyob pazandachilik kitobi nusxasini sovg‘a qildi.

Xazanov ham yaqinda bo‘lib o‘tgan Putinning tug‘ilgan kuniga tayyorlab qo‘ygan sovg‘asi – imperator toji nusxasini unga taqdim qildi.

“Agar nimadir kamtarroq narsa olib kelganingizda o‘zimga olib qolardim, biroq endi bu qimmatbaho sovg‘angizni Kremlga topshirishga to‘g‘ri keladi”, deb aytdi Putin. Xazanov bitta toj Rossiya Olmos fondida turishda davom etaverishini, bunisi esa Putinning “ishchi xonasida turishi mumkinligini” aytib hazillashdi.

“Katta rahmat, biroq buni qilolmayman”, deb taklifni rad etdi Putin. Putin tojni qo‘lga olib Xazanovning boshiga kiygazib qo‘ydi va “Bugun men emas, siz yubilyarsiz, shuning uchun bu tojga siz munosibsiz” deb aytdi. Xazanov unga bu kiyim-bosh “og‘irlik qilishini” ta'kidlab o‘tdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish