Jahon | 23:32 / 01.12.2015
20024
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hukumati Turkiyadan olib kelinishi taqiqlanadigan mahsulotlar ro‘yxatini e'lon qildi

Rossiya hukumati Turkiyada ishlab chiqarilgan va tayyorlangan hamda 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab Rossiyaga olib kelinishi taqiqlangan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, oziq-ovqatlar va xom ashyolar ro‘yxatini tasdiqladi. Bu haqda hukumat saytida ma'lum qilingan.

Bu ro‘yxatda Turkiyada yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlari (muzlatilgan tovuq va kurka go‘shtlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar), sabzavotlar (gulkaram va karamning boshqa turlari, pomidor, bodring va tuzlangan bodringlar, piyoz), mevalar (yangi va quritilgan sitruslar, apelsinlar, mandarinlar va ularning tanjyerin, satsuma, klementin, vilking kabi gibridlari, yangi olmalar, noklar, o‘riklar, shaftolilar, nektarinlar, olxo‘rilar va tyorn, shuningdek, uzum, yertut va qulupnay o‘rin olgan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab Turkiyadan Rossiyaga tuz olib kelish ham taqiqlanadi.

Bevosita Turkiyadan qaytayotgan rossiyaliklar tomonidan olib kelinayotgan va shaxsiy foydalanish normalaridan oshmagan miqdordagi mahsulotlar bu taqiqqa tushmaydi.

Mamlakat bosh vaziri Dmitriy Medvedev tomonidan imzolangan bu qaror rasman e'lon qilingan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish