Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tokio Olimpiada-2020 uchun mo‘ljallangan stadion qurilishiga 320 mln dollar yo‘naltiradi
Yaponiya poytaxti Olimpiada-2020 uchun mo‘ljallangan stadion qurilishi uchun 39,5 mlrd Yaponiya iyena (taxminan 320 mln dollar) ajratadi. Bu butun stadion qurilishi byudjyet loyihasining (155 mlrd iyena (1,2 mlrd dollar) 25 foizini tashkil qiladi.
TASS axborot agentligining xabar berishicha, mazkur kelishuv 1 dekabr, seshanba kuni Tokio gubernatori Yeiti Masudzoe sport vaziri Xirosi Xase va Olimpiada-2020 musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha mas'ul vazir Tosiaki Endo o‘rtasidagi uchrashuv paytida imzolangan.
Hozircha Yaponiya hukumati Olimpiya stadionining 2020 yilning yanvariga qadar qurib bitkazilishiga kafolat bermayapti.
Stadion qurilishi uchun davlat g‘aznasidan 80 mlrd iyena (635 mln dollar) yo‘naltiriladi. Qolgan barcha xarajatlar sport lotereyalaridan tushgan foyda orqali qoplanadi.
«O‘yinlardan keyin stadion byudjyetdan ajratilgan mablag‘larni qoplash uchun faol tarzda foydalanish kerak bo‘ladi», - deya ta'kidlagan Masudzoe.
Oldinroq yapon matbuotida Olimpiya stadioni qurilish yakunlanganidan keyin kelgusidagi faoliyatda xarajatlarni kamaytirish uchun xususiylashtirilishi haqida xabarlar tarqatilgandi.
Yangi qurilajak stadion loyihasi Yaponiya Hukumati tomonidan avgust oyida bo‘lib o‘tgan majlisda tasdiqlangandi. Avvaliga 2,1 mlrd dollar deya baholangan loyiha qiymati keyinchalik 1,2 mlrd dollarga, stadion sig‘imi esa 80 mingdan 68 ming o‘rindiqqacha qisqartirilgandi.
Tokiodagi Olimpiya stadioni qurilishi bilan bog‘liq mojarolar yaponiyalik arxitektorlar va mansabdorlarning loyiha qiymati juda qimmatligi bo‘yicha norozilik bildirganidan so‘ng boshlangandi. Arena loyihasi kelib ichishi iroqlik bo‘lgan britaniyalik Zaxa Xadid tomonidan tayyorlangandi.
Qurilish loyihasi tasdiqlangach uning qiymati 1 mlrd dollardan kamroq bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Biroq boshqa bir qator zarur qo‘shimcha xarajatlar natijasida bu miqdor 2 mlrd dollargacha oshishi mumkinligi ma'lum bo‘ldi. Shundan keyin stadionning harakatlanuvchi tom qismi, o‘rindiqlar sonini kamayishi kabi bir qator loyiha qiymatini tushirishga qaratilgan harakatlar ham foyda bermagandi.
Shundan so‘ng mamlakat bosh vaziri Shindzo Abe ma'muriyati stadion quriladigan hududga tashrif buyurgan va dastlabki loyihani bekor qilib, qurilishning yangi rejasini ishlab chiqqandi.
Eslatib o‘tamiz, Tokioda Olimpiada o‘yinlari 2020 yilning 24 iyul-9 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning barcha o‘yinlarini tomosha qilish uchun 7,5 mln dona chiptalar sotuvga chiqariladi.