O‘zbekiston | 16:05 / 01.12.2015
3982
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarda axborot madaniyatini o‘stirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy Matbuot markazida "Davlat hokimiyati, boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining yoshlarda axborot madaniyatini o‘stirish va ularni g‘oyaviy-mafkuraviy tajovuzlardan himoyalash mexanizmlarini takomillashtirishga doir ustuvor vazifalar" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda OAV xodimlari va rahbarlari, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi vakillari, O‘zMU professor o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. Turli globallashuv jarayonlar ta'siridan yoshlarni himoyalash mexanizmlarini shakllantirish, ularning axborot olish madaniyatini oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy sherikligini ta'minlash kabi masalalar muhokama etildi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, media va axborot savodxonligi tushunchasining mazmunini axborotni tanlash, baholash, qayta ishlash, uni uzatish hamda mass-mediani qabul qilish va uning faoliyatini baholash bo‘yicha ko‘nikma va malakalar majmui tashkil etadi. Yoshlarning mass-media va axborot savodxonligini oshirish ishlari republikamizdagi barcha o‘quv yurtlari qoshidagi axborot resurs markazlarida, turli yo‘nalish va darajadagi kutubxonalarda, ma'naviyat va ma'rifat markazlarida, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, siyosiy partiyalar, nodavlat-notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining turli forum va tadbirlari miqyosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, soha mutaxasislari va ekspertlari ishtirokida ommaviy bahs-munozaralar va seminarlar yoshlarning axborot madaniyatini oshirishning samarali shakl va usullaridandir.
Mirjahon YuSUPOV, O‘zDJTU talabasi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish