12:41 / 02.12.2015
13329

"Al-Qoida" Yamandagi 2 shaharni bosib oldi

"Al-Qoida" jangarilari Yamanning janubidagi 2ta yirik shaharda nazoratni qo‘lga olgan.

Mahalliy aholi vakillariga asoslanib, Reyter agentligining xabar berishicha, Abyan viloyatidagi Jaar va Zinjibar shaharlari jangarilar qo‘liga o‘tgan. Ochiq manbalardagi ma'lumotlarda ko‘rsatilishicha, bu shaharlarda 50 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.
Jangarilar shahardagi binolarga o‘z yorliqlarini o‘rnatishgan, shahar hukumati vakillarini hokimiyatdan chetlashtirishgan va ovoz kuchaytirgichlar orqali aholiga shahar bosib olingani haqida ma'lum qilishgan.

Ma'lumot uchun, Yamanda hukumat va isyonchi husiychilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar 2014 yilning avgustidan buyon davom etib kelmoqda. Shu yilning yanvarida husiychilarning "Ansor Alloh" guruhi Yaman poytaxti bo‘lmish Sano shahrini ishg‘ol qilgan va prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni shahardan haydab chiqargan. Mansur Hodiy Yamandagi ikkinchi yirik shahar Adanga ko‘chib o‘tgan.

Isyonchilar Adanga ham hujum qilishgach, u 25 mart kuni Saudiya Arabistoniga boshpana so‘rab, murojaat qilishga majbur bo‘lgandi.

Shundan keyin, 26 mart kuni uning iltimosiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Yamanda qonuniy hukumatni tiklash maqsadida isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarga kirishdi. Ko‘p o‘tmasdan Saudiya Arabistoni boshchilishidagi koalitsiyaga Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Iordaniya, Marokash, Misr va Sudan ham kirdi.

Yamandagi qurolli to‘qnashuvning bir tomonida “Ansor Alloh” shialar harakatidan isyonchi xusiychilar va sobiq prezident Salohga moyil bo‘lgan armiyaning bir qismi, boshqa tomonda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiya kuchlari qo‘llab-quvvatlayotgan, mamlakatdan chiqib ketgan Abd Rabbo Mansur Hodiyning qo‘shinlari ishtirok etmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar qurbonlari 5 mingdan oshib ketgan.

Bu tartibsizliklar davomida "Al-Qoida" tashkiloti hududda o‘z ta'sir doirasini kengaytirdi.

Top