16:15 / 02.12.2015
4958

Daily Mail: «Barselona» moliyaviy muammolar tufayli Messi va Neymarni transferga qo‘yishi mumkin

Kataloniyaning «Barselona» klubi moliyaviy muammolar sabab jamoaning ikki nafar hujumchisi Lionel Messi va Neymarni sotish variantini ham ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda Daily Mail nashri xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, Messi va Neymar moliyaviy jihatdan nisbatan barqaror bo‘lgan Manchester shahri jamoalariga («Manchester Siti» va «Manchester Yunayted») klublariga ko‘chib o‘tishi mumkin. 

«Barselona»ning moliyaviy muammolarga duch kelishiga futbolchilar olayotgan maosh sabab bo‘lmoqda. Hozirgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, jamoa daromadining 73 foizi futbolchi va murabbiylarning ish haqini to‘lashga sarflanmoqda. Agar yetakchi futbolchilar jamoani tark etgan taqdirda oylik tizimi ham barqarorlashadi. Shuningdek, Messi va Neymarni sotish orqali ulkan daromadga ega bo‘lish mumkin bo‘ladi. 

Qolaversa, Yevropa chempionlar ligasidagi klubning g‘alabasi futbolchilarga to‘lanadigan bonus mukofot pullarini oshishiga sabab bo‘lgan. Agar kataloniyaliklar joriy mavsumda ham turnirda g‘alaba qozonishsa, mukofot pullari evaziga katta yo‘qotishlarga uchrashi mumkin.

«Barselona» prezidenti Xosep Mariya Bartomeu klubning yetakchilari sotilmasligi to‘g‘risida bayonot bergan. Shu bilan birgalikda, «Barsa» o‘zining uy stadioni «Kamp Nou» nomini sotish bo‘yicha ham muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar mavjud. Shuningdek klub Qatar Airways va Nike bilan shartnoma summalarini oshirish bo‘yicha muzokara olib borishni rejalashtirmoqda.

Top