15:03 / 02.12.2015
7078

WP: Iroq AQShni IShID bilan hamkorlikda gumon qilmoqda

The Washington Post nashrida yozilishicha, Iroq tomoni AQShning IShID bilan hamkorlik o‘rnatganidan gumon qilmoqda. Ular AQSh IShID bilan Yaqin Sharqni nazorat qilish uchun hamkorlik qilishi mumkinligidan xavotirlanishgan.

Harbiylardan birining aytishicha, iroqlik harbiylar bir necha marta amerikaliklarning vertolyotlari jangarilarga qurol yetkazib berayotganiga guvoh bo‘lishgan. O‘z navbatida, mahalliy aholi vakillari ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlashgan.

"IShID ayni vaqtda halokat yoqasiga kelib qoldi. Ular juda kuchsizlangan va amerikaliklar ularga yordam berishni to‘xtatishsa, biz bir necha kun ichidayoq ularni butunlay yo‘q qilamiz. Bunga shubha bo‘lmasligi kerak", degan shialar bo‘linmasi rahbarlaridan biri Mustafa Saadi.

Amerikalik harbiylar esa bu ayblovda mutlaqo asos yo‘qligini ta'kidlashgan va bu boradagi savollarga javob qaytarishni ham o‘zlariga ep ko‘rmasliklarini ayon qilishgan.

Qayd etilishicha, 2003 yilda AQSh Iroq hududiga kirib kelgach, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan. Iroq tomoni amerikaliklarning Yaqin Sharqdagi vaziyatga aralashishidan norozi bo‘lib keladi va ularning yordamlarini inkor etib keladi. Biroz oldinroq, Iroq bosh vaziri Haydar al-Abadi Iroq hududiga qo‘shimcha harbiylarning yuborilishi loyihasini tanqid qilgandi.

Nashrda qayd etilishicha, AQSh va IShID o‘rtasidagi hamkorlik haqida iroqlik siyosatchilar tez-tez gapirib turishadi. Bu haqida Eron va Iroq o‘rtasida maxfiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va AQSh bu ikki davlat uchun umumiy dushman sifatida qabul qilinishi haqidagi xabarlar fonida aytilmoqda.

Iroq Mudofaa vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Nosir Nuriyning bildirishicha, vazirlik AQSh va IShID o‘rtasida hamkorlik mavjudligini inkor qiladi. Lekin ko‘plab iroqliklar bu ma'lumotga ishonishmaydi.

Biroz oldinroq, Pentagon Iroq va Suriyaga IShID bilan kurashishda yordamchi kuchlarni yuborishi ma'lum qilingandi.

Top