18:11 / 03.12.2015
3094

Jizzax shahrida gaz ta'minotida uzilishlar bo‘lmasligi uchun 8 km gaz quvuri rekonstruksiya qilindi

Jizzax shahrida 30 mingga yaqin iste'molchi tabiiy gazdan foydalanadi.

"Bu arzon va qulay yoqilg‘i «Markazgazta'minot» unitar korxonasining «Jizzaxshahargaz» filiali tomonidan iste'molchilarga 43,7 kilometr yuqori bosimli, 190 kilometr o‘rta va 243,5 kilometr past bosimli uzatish quvurlari orqali yetkazib berilmoqda", deyiladi UzA xabarida.

Shahar hokimligining 2015—2016 yil qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturiga muvofiq, gaz uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash, gaz asboblarini texnik va proflaktik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari nihoyasiga yetkazildi. 8,2 kilometr gaz uzatish quvuri rekonstruksiya qilindi, 20 kilometri bosim ostida texnik sinovdan, 16 kilometri maxsus asboblar orqali tekshiruvdan o‘tkazildi.

"Qish mavsumida tabiiy gazning me'yorda va uzluksiz bo‘lishi uzatish tarmoqlarining benuqson ishlashiga bog‘liqligi hisobga olinib, rekonstruksiya, ta'mirlash, proflaktik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari to‘liq va sifatli bajarildi. Qish davrida gaz tarmog‘idagi nosozlik va ta'minotdagi uzilishlarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun filialning avariya dispetcherlik xizmati shay holatga keltirildi. Avariya xizmati maxsus jihozlangan Damas avtomashinasi, uzluksiz ishlaydigan telefon aloqasi bilan ta'minlandi.

Mavsumga hozirlik ko‘rishda ijtimoiy muassasalarga gaz uzatuvchi tarmoqlarni sozlash, kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e'tibor qaratildi", – deydi «Jizzaxshahargaz» filiali rahbari Rustam Ahmadjonov.

Top