O‘zbekiston | 18:51 / 03.12.2015
9839
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda iste'molchilar tomonidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyani sotish mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 noyabrdagi qaroriga ko‘ra iste'molchilarga birinchi marotaba davlatga ortiqcha elektr energiyani sotish imkoni taqdim qilinmoqda.

Bu huquq elektr energiyani energiyaning tiklanuvchi manbalaridan foydalanib ishlab chiqaruvchi iste'molchilarga beriladi.

“Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning (25.04.1997 y., 412-I-sonli) 11-moddasiga ko‘ra, tiklanuvchi manbalarga quyosh, shamol, suv oqimlarining tabiiy harakati va boshqa energiya manbalaridan foydalanuvchi texnologiyalar kiradi.

Iste'molchilar taqdim qilinayotgan huquqdan foydalanishi uchun ulanishga texnik shartlarni olib, uni bajarganlaridan keyin yagona elektr energiya tizimi bilan parallel ravishda ishlashni ta'minlovchi maxsus qurilmalar orqali shu tizim elektr tarmoqlariga ulanishlari kerak bo‘ladi. Bunda ular elektr energiya sifatiga qo‘yiladigan shartlarni bajarishlari, “O‘zbekenergo” AJ tomonidan o‘rnatilgan dispetcherlik tartibiga amal qilishlari, tizim operatori va yuqori turuvchi tezkor-dispetcherlik xizmatlarining ko‘rsatmalari va buyruqlariga bo‘ysunishlari kerak bo‘ladi.

Ortiqcha elektr energiya sotuvchilari bilan hisob-kitob elektr bilan ta'minlovchi korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan transportirovka qilish xarajatlarini hisobga olgan holda iste'molchilar uchun belgilangan narxlar bo‘yicha to‘lanadi.

Elektr energiyani yetkazib berishning yillik hajmi “O‘zbekenergo” AJ bilan tuzilgan tegishli shartnoma orqali tasdiqlanadi va rasmiylashtiriladi.