22:44 / 03.12.2015
3834

Saudiya Arabistoni neft olish hajmlarini qisqartirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma'lum qildi

Agar OPeKga a'zo va unga kirmaydigan davlatlar, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Meksika va Ummon neft olish hajmlarini qisqartirish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa, unda Saudiya Arabistoni ham buni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma'lum qildi. Bu haqda Energy Intelligence nashriga iqtibos keltirgan holda RBK nashri ma'lum qildi.

Bungacha Saudiya Arabistoni neft narxining tushishidan ziyon ko‘rgan kartelning boshqa a'zolarining bunday chaqiriqlarini inkor qilib kelayotgan edi. “Neft olishni kamaytirish uchun OPeKga kirmaydigan davlatlar, shuningdek Iroq ham ishtirok etishi kerak. Eronda neft olish bo‘yicha vaziyat ham ravshan bo‘lishi kerak”, deb aytdi OPeK delegatlaridan biri.

Energy Intelligence ma'lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni keyingi yilda neft olishni kuniga bir mln barrelga qisqartirishni taklif qiladi, bu butun dunyodagi bir kunlik umumiy neft olish hajmining deyarli 1 foizini tashkil qiladi. OPeKga a'zo davlatlar ulushiga olinadigan neftning 40 foizi to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga ma'lum qilinishicha, kuniga 30 mln barrelni tashkil qiluvchi cheklov 18 oydan beri tashkilot a'zolari tomonidan oshirib kelinmoqda. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, noyabrda kartel oladigan bir kunlik neft hajmi 32,12 mln barrelni tashkil qilgan.

Agar bu masalada kelishuvga erishilsa, unda qaror tashkilotning 4 dekabrda Venada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishida emas, balki keyingi yilda kuchga kiradi, deb aytmoqda agentlik manbasi. 30 nafar tahlilchining prognozlariga ko‘ra, hozircha kartel bozordan raqobatchilarni siqib chiqarish uchun neftni avvalgi miqdorda olishni davom ettiraveradi.

Top