Jahon | 10:27 / 03.12.2015
2982
2 daqiqa o‘qiladi

Sud Gavayida dunyodagi eng qudratli teleskoplardan birining qurilishini taqiqladi

Amerikaning Gavayi shtati Oliy sudi hukumat tomonidan Gavayi orolidagi Mauna-Kea tog‘i yonbag‘rida dunyodagi eng kuchli teleskoplardan birining qurilishi uchun berilgan ruxsatnomani qonuniy emas deb topdi.

Sud qarorida keltirilishicha, shtatning yer va tabiiy resurslar departamenti mahalliy aholi o‘rtasida muqaddas deya hisoblangan tog‘da 30 metrlik inshoot qurilishiga mazkur loyihaga qarshi kishilar tomonidan norozilik petitsiyasini ko‘rib chiqmasdan turib ruxsat bermasligi lozim edi. Ushbu obekt qurilishi gavayiliklarning e'tiqodiy tuyg‘ularini toptab, atrof-muhitga ziyon yetkazadi.

Yakunda sud shtat hukumati qarorini bekor qilib, departamentga teleskop inshootini qurish imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqish, bunda noroziligini bildirganlarning e'trozlarini inobatga olish majburiyatini yukladi.
Har biri 1,4 metr bo‘lgan 492ta qismdan yig‘ilgan o‘ziga xos oynali tizimga ega kuchli teleskopni bunyod etish loyihasining qiymati 1 mlrd dollarni tashkil etadi. Uni AQSh, Kanada, Xitoy, Yaponiya va Hindiston universitetlari moliyalashtiradi.

Xabarlarga ko‘ra, noyob astronomik uskuna ham optik, ham infraqizil diapazonda kuzatuvlar olib borib, yirik zamonaviy teleskoplarga qaraganda 9 barobar ko‘proq yorug‘lik ma'lumotlarni qabul qila oladi.
So‘nggi oylarda Mauna-Kea tog‘ining 4050 metr balandlikdagi qiyaligida 2014 yildan buyon olib borilayotgan qurilish maydonida muntazam ravishda norozilik aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda.

Oxirgi marta bo‘lib o‘tgan namoyishlarda obekt qurilayotgan hududga boradigan yo‘llar bekitilib, ishchilar qurilishni to‘xtatib turishiga to‘g‘ri kelgan edi.
Mauna-Kea – gavayi tilida “Oq tog‘” ma'nosini anglatib, uyqudagi vulqon hisoblanadi. Uning balandligi 4205 metrni tashkil etadi. Gavayi asotirlariga ko‘ra, tog‘ muqaddas hisoblanib, avvallari bu yerga faqat qabila rahnamolarigina kela olgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish