Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada 10-20 yildan keyin robotlar ishchi kuchlarning qariyb yarmini tashkil qilishi mumkin
Sun'iy aql o‘rnatilgan robotlar yana 10-20 yildan keyin Yaponiyada hozirda odamlar tomonidan bajarib kelinayotgan ishlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini bajarishi mumkin. Bu haqda TASS Yaponiyaning NHK telekanali bergan ma'lumotga tayanib xabar tarqatdi.
Ular supermarket ishchi, taksi haydovchisi, mehmonxona farroshi, qorovul kabi lavozimlarni egallashi mumkin, deyiladi Nomura tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan bayonotda.
Nomura instituti Yaponiyadagi «Nomura sekyuritiz» investitsion banki qoshida faoliyat olib boradi. Ularning tahlilchilari Yaponiyada keng tarqalgan kasblar uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni kompyuter tahlilidan o‘tkazishdi. Robot texnikasi taraqqiyoti bo‘yicha prognozlar shuni ko‘rsatdiki, sun'iy aql egalari mavjud 601 turdagi ishlardan 235 tasini bajara olishadi. Hozirgi vaqtda mazkur ishlar bilan taxminan 25 million odam — 49 foiz mamlakatning umumiy ishchi kuchi shug‘ullanib kelmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, o‘rganish natijalari robotlar odamlar bilan faol muloqot qilish bilan bog‘liq kasblarda insonlarning o‘rnini bosolmasligini ko‘rsatdi. Misol uchun, shifokorlar, o‘qituvchilar, ekskursiya uyushtiruvchilari va hattoki parikmaxer kasbi egalarini robot bilan almashtirib bo‘lmaydi. Shuningdek, bu tahlillar iqtidor talab qiladigan kasblar jumladan, musiqachi, kinorejissyor va boshqa shunga o‘xshash kasblar uchun ham amal qiladi.