Jahon | 23:11 / 03.12.2015
15506
2 daqiqa o‘qiladi

Zaxarova: Agar Rossiya Asadga qo‘ng‘iroq qilsa, unda kim IShIDga qo‘ng‘iroq qilib o‘yin tugaganini aytadi?

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining feysbukdagi sahifasida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Filip Xammondning Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Suriya prezidenti Bashar Asadga birgina qo‘ng‘irog‘i Suriyadagi ixtilofga yakun yasashi haqida aytgan so‘zlariga izoh berib o‘tdi.

Avvalroq Xammond Putin Asadga telefon qilib, uning o‘z lavozimini tark etishga ko‘ndira olsa, unda Suriyadagi fuqarolik urushiga bir zumda yakun yasashi mumkinligini aytgan edi.

“Xo‘sh. Keling aniqlashtirib olaylik. Agar hammasi britaniyalik hamkasblarimiz aytayotgandek bo‘lsa va Asadning ketishi bilan urush yakunlansa, unda IShID qayerga ketadi? Yoki ularga ham kimdir o‘yin yakunlanganini aytish uchun qo‘ng‘iroq qiladimi? Diqqat, savol: kim IShIDga qo‘ng‘iroq qiladi?”, deb yozdi Zaxarova.

Vaholanki, bungacha Xammond IShIDga qarshi operatsiya bir necha yillarga cho‘zilib ketishi mumkinligini aytayotgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish