10:27 / 04.12.2015
9891

Ispanlar Qamchiq dovonidagi yo‘lni rekonstruksiya qilishning ikkinchi bosqichini boshladi

Ispaniyaning “Korsan Korviam Konstrakshn SA” kompaniyasi “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan uchastkasida sement-beton qoplamasini yotqizish bo‘yicha ishlarning yarmini bajardi. Bu haqda Uzbekistan Today Respublika yo‘l jamg‘armasi ma'lumotiga tayanib xabar qilmoqda.
“Bugungi kunda umumiy uzunligi 58 kilometrni tashkil etuvchi yo‘lda sement-beton qoplamasini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Aytish mumkinki, ishlar 50 foizga bajarildi”, - dedi agentlik suhbatdoshi.
Uning qayd etishicha, mamlakatning qolgan qismlarini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi transport arteriyasi hisoblangan mazkur yo‘ldagi ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. “Bir tomondagi qoplama yotqizilganidan so‘ng boshqa yo‘nalish bo‘yicha ham bosqichma-bosqich ishlarni yakuniga yetkazamiz, bunda yo‘lni yopish va harakatni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi”, - deydi u.
Shunday qilib, ispan kompaniyasi 58 kilometrlik ikki qatnovli yo‘lning bir tomonini qurib tamomladi. Endi ikkinchi tomonni yakunlash bo‘yicha faol ish olib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublika yo‘l jamg‘armasi ispaniyalik hamkorlari bilan “Toshkent-O‘sh” yo‘lining bir qismi (116-190- kilometrlari o‘rtasi)ni rekonstruksiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Uning qiymati 130 million dollarni tashkil etadi.
“Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish doirasida jami bo‘lib 211 million dollarlik ishlar olib boriladi. Ushbu mablag‘ning 167,2 million dollari Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan.

Top