Jahon | 12:01 / 04.12.2015
5898
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaotadagi 7-raqamli shahar shifoxonasida bomba borligi gumon qilinib, evakuatsiya amalga oshirildi

Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Kalkaman mavzesidagi 7-raqamli shahar shifoxonasiga portlovchi modda o‘rnatilgani haqida xabar berilganidan so‘ng, shifoxona xodimlari va bemorlar evakuatsiya qilindi.

"Bugun, 2015 yilning 4 dekabr kunida noma'lum shaxs tomonidan qo‘ng‘iroq orqali Rayimbek va Avezov shohko‘chalari kesishmasidagi 7-raqamli shahar shifoxonasi hududiga portlovchi modda o‘rnatilgani haqida xabar berildi", deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng bu hududga qutqaruvchi maxsus xizmatlar yetib borgan va odamlarni xavfsiz hududga ko‘chirishni boshlagan.

"Shifoxona binolari joylashgan hududdan soat 09.20da evakuatsiya qilish ishlari boshlandi va soat 10.40da yakunlandi. Binodan jami 1700 kishi olib chiqildi, shundan 1100 nafari tibbiyot xodimlari, 600 nafari bemorlar", deyiladi IIV matbuot xizmati xabarida.

Hududdan portlovchi modda topilmagan.

Shuningdek, qo‘ng‘iroq qilgan shaxs aniqlanib, qo‘lga olingan va unga nisbatan jinoiy ish ochilishi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish