18:48 / 05.12.2015
4493

Aloqa operatorlariga bazaviy stansiyalar o‘rnatishda aholi bilan maslahatlashish majburiyati yuklandi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining “Telekommunikatsiya operatorlari (provayderlari)ning xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i e'lon qilindi.

Hujjatga binoan, endilikda telekommunikatsiya operatorlari (provayderlari) ko‘p qavatli uy va turar-joy binolari tomiga telekommunikatsiya vositalari hamda inshootlarini joylashtirish (o‘rnatish), ularga xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilishda xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bilan shartnoma tuzishlari shart.
Bunda shirkat a'zolarining ellik foizdan ko‘prog‘i qarshi ovoz bersa, operatorga aloqani ta'minlab beradigan bazaviy stansiyalarni o‘rnatishga rad javobi beriladi. Qurilmani o‘rnatish uchun 30 ish kunidan oshmagan muddat ichida ijozat yoki rad javobi beriladi.

Shuningdek, telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini montaj yoki demontaj qilish ishlari oqibatida shirkat obektiga yetkazilgan shikastlanishlar bartaraf etilishi, obektning yo‘qolgan yoki shakli o‘zgargan qismlari operator (provayder)ning shaxsiy hisobidan to‘liq tiklanishi lozim.

Top