17:53 / 05.12.2015
6075

OAV: Iroq prezidenti mamlakat hududidan turkiyalik harbiylar olib chiqilishini talab qilmoqda

Iroq prezidenti Fuad Ma'sum Shimoliy Iroqdagi Mosul shahri yaqinidagi Boshiq tumaniga turk harbiylari bo‘linmasining tashlanishini xalqaro huquq me'yorlarining buzilishi deb atadi va bu yerdan turk qo‘shinlarining zudlik bilan olib chiqib ketilishini talab qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.

Shuningdek, Ma'sum Iroq tashqi ishlar vazirligidan mamlakatning daxlsizligi va mustaqilligini qo‘riqlash uchun zarur bo‘lgan choralarni ko‘rishni so‘radi.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, turk harbiylari bo‘linmasi Boshiq tumaniga joylashtirilgan. CNN-Turk telekanalining ma'lumotlariga ko‘ra, 130 nafar turk harbiysi ikki yildan ko‘proq davom etayotgan kurd lashkarlarini o‘qitish dasturi doirasida reja asosida tashlandi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra turk harbiylari xodimlarni rotatsiya qilish doirasida tashlangan. Turk OAVlarida, shuningdek, ushbu tumanga 20-25 tank yetkazilgani haqida xabar paydo bo‘ldi.

4 dekabrda AQSh Qurolli kuchlari ma'lum qilganidek, Turkiya o‘zi mustaqil ravishda Iroq shimoliga harbiylarni tashlagan. “AQSh Turkiya Iroq shimolida yuzlab harbiylarini joylashtirganini biladi, biroq bu qadam AQSh boshchilik qilayotgan koalitsiya harakatlarining bir qismi hisoblanmaydi”, deb ikki amerikalik harbiyning aytgan gaplarini keltirib o‘tdi Reuters axborot agentligi.

Top