O‘zbekiston | 09:53 / 05.12.2015
2515
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV: Belgradda YeXHT hududida xavfsizlikni ta'minlash muammolari muhokama qilindi

2015 yilning 3-4 dekabr kunlari Belgrad shahrida (Serbiya) Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 22-majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqil ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, majlisda TIV rahbarlari Serbiya Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri, YeXHTning amaldagi raisi Ivitsa Dachichning hamda YeXHT bosh kotibi Lamberto Zannierning ma'ruzalarini tingladilar. Shuningdek, kun tartibining dolzarb masalalari, avvalo YeXHT hududida xavfsizlikni ta'minlash muammolari muhokama qilindi.

Majlis yakunida terrorizm, korrupsiya, pul yuvishga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan hamda xavfsizlikka tahdid soluvchi transmilliy xatarlar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
2016 yil 1 yanvardan YeXHTda raislik qiluvchi Germaniyada TIVKning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tishi belgilandi.

O‘zbekiston delegatsiyasi 22-majlisda ishtiroki doirasida Ispaniyaning tashqi ishlar bo‘yicha davlat kotibi Ignasio Ibanes, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari Daniel Rozenblum hamda YeXHT bosh kotibi Lamberto Zannier bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda tomonlarni qiziqtirgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish