18:36 / 05.12.2015
7656

O‘zbekistonda bir yil davomida 48 ta lochin erkinlikka qo‘yib yuborildi

Toshkent viloyatida joylashgan “Tugan Falcionry Club” noyob qushlar pitomnigi xodimlari “Qizil kitob”ga kiritilgan lochin ko‘payishiga umid qilgan holda bir yil ichida 48 ta lochinni erkinlikka qo‘yib yubordilar, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

“4 dekabrda Qurama tog‘ tizmalarida navbatdagi 4 ta lochin erkinlikka qo‘yib yuborildi, ulardan 2 tasi pitomnikda dunyoga kelgan, ikkitasi brakonerlardan tortib olingan. Qushlar yovvoyi tabiatga yaqin sharoitlarda katta qafaslarda saqlangan. Pitomnik yaratilgan 2014 yildan beri erkinlikka 48 ta lochin qo‘yib yuborilgan”, deb aytilmoqda xabarda.

“Barcha qushlar erkinlikka chiqarilishdan oldin ularning yovvoyi tabiatda yashab ketishini kuzatish uchun maxsus mikrochiplar bilan halqalanadi”, deb aytdi pitomnik direktori Denis Tsoy. Pitomnik rahbariyati rejalarida lochinlar oilasiga mansub yana bir noyob qush – shoxinni ko‘paytirish bor.

Lochin “O‘zbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan va yovvoyi qushlarning juda qimmatli turlariga kiradi. Bundan tashqari, lochin yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi tabiat va o‘simliklar turlari bilan xalqaro savdo haqidagi konvensiya ro‘yxatiga kiritilgan. Lochinlar asosan Toshkent viloyatidagi Ugam-Chotqol milliy bog‘ining ba'zi hududlarida uyalaydi. Ularning soni oxirgi yillarda brakonerlar tomonidan ushlanishi sababli keskin kamayib ketgan.

Top